DXX akademiyasiga kirish test sinovlari qachon oʼtkazilishi maʼlum qilindi

    Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga nomzodlarni saralash uchun test sinovlari joriy yilning 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

    “Test sinovlari ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq), matematika, Oʻzbekiston tarixi va chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlaridan oʻtkaziladi”, deb xabar bermoqda Davlat test markazi.

    Bunda nomzodlarga jami 90 ta test topshirigʻi va ularni ishlash uchun javoblar varaqasini toʻldirish bilan birga 3 soat (har 30 ta test topshirigʻiga 1 soat) vaqt ajratiladi.

    Test sinovida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ball – 249 ball boʻlib, test sinovi oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha quyidagicha taqsimlanadi:

    —ona tili – 15 ta test topshirigʻi, har bir toʻgʻri javob uchun 2,1 balldan (jami 31,5 ball);

    —matematika – 15 ta test topshirigʻi, har bir toʻgʻri javob uchun 2,1 balldan (jami 31,5 ball);

    —Oʻzbekiston tarixi – 30 ta test topshirigʻi, har bir toʻgʻri javob uchun 3,1 balldan (jami 93 ball);

    —chet tili – 30 ta test topshirigʻi, har bir toʻgʻri javob uchun 3,1 balldan (jami 93 ball).