Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Fargʻona viloyatida Bogʻdod tuman hokimining oʻrinbosari 8 ming AQSH dollari olgan vaqtda ushlangan. Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, u oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaroga “elektron onlayn auksion” orqali yutib olingan 2,4 sotix yerni boshqa shaxsga mulk huquqi bilan oʻtkazib berishni vaʼda qilgan.
Namanganda shahar hokimining mahalla masalalari boʻyicha yordamchisi “Yashil makon” loyihasi uchun ajratilgan yerdan 8 sotixini bir yilga noturar holda foydalanishga ruxsat berish va bir yildan soʻng turar-joy toifasiga oʻtkazib berishni vaʼda qilib, 6 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Yangi Namangan tumanida esa hududiy hokim yordamchisi davlat zaxirasidan 12 sotix yerni rasmiylashtirib berish evaziga 16 ming dollar talab qilgan. U oldindan berilgan 6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda barcha holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








