DXX joylarda firibgarlik bilan bogʻliq holatlarni aniqladi

    Prokuratura, sud, milliy gvardiya va advokatura xodimlari jinoyat ustida qoʻlga olindi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda viloyat prokuraturasi noziri firibgarlik yoʻli bilan mahalliy fuqarodan 10 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.

    Aniqlanishicha, nozir oʻzining tanishlari imkoniyatlari orqali uni Navoiy shahar hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi yotoqxonalardan biriga navbatsiz joylashtirib qoʻyishni vaʼda qilgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Doʻstlik tuman sudining xodimi esa Sharof Rashidov tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan birga, Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning nikohdan ajratish haqidagi daʼvosini fuqarolik ishlari boʻyicha sudda ishlaydigan tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan ushlandi.

    Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Guliston shahridagi Advokatlar hayʼati advokati 2021-yilda mahalliy masʼuliyati cheklangan jamiyatga bankdan 240 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishida yordam berganligi uchun xizmati evaziga uning rahbaridan 12 ming AQSH dollari olgan.

    Biroq bank tomonidan olib borilgan monitoring jarayonida masʼuliyati cheklangan jamiyat kredit mablagʻini maqsadsiz ishlatganligi aniqlanib, prokuratura organlari tomonidan uning rahbariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokat muqaddam olgan 12 ming AQSH dollaridan 1000 AQSH dollarini MCHJ rahbariga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIB hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi Ishtixon tumanlararo qoʻriqlash boʻlimida qorovul lavozimida ishlovchi shaxs oʻzining qarindoshiga muqaddam hokimlik tomonidan bogʻdorchilik qilish uchun berilgan 70 sotix yer maydonini xaridorga 175 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (Firibgarlik) va 211- (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.