2018-yilda oʻtkazilgan tenderda “Jayhun Universal Qurilish” MCHJ gʻolib chiqib, u tomonidan 2021-yilning sentyabr oyiga qadar barcha ishlar amalga oshirilishi kerak boʻlgan. Ammo zarur mablagʻlar davlat byudjetidan ajratilganiga qaramasdan, rejalashtirilgan ishlar belgilangan muddatda yakuniga yetmagan.

Aniqlanishicha, pudratchi “Jayhun Universal Qurilish” MCHJ va buyurtmachi hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari oʻzaro til biriktirgan holda, tegishli hujjatlarni soxtalashtirish yoʻli bilan 12,7 mlrd. soʻm miqdordagi pul mablagʻlarini talon-taroj qilishgan.

Aniqlangan holat yuzasidan “Jayhun Universal Qurilish” MCHJ hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa buyurtmachi “Qishloq qurilish invest” MCHJ injiniring kompaniyasi Qoraqalpogʻiston filiali va 7 ta pudratchi tashkilotlar mansabdor shaxslari oʻzaro til biriktirib, 2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan byudjet mablagʻining 17,5 mlrd. soʻmini talon-taroj qilganliklari aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ham qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.