Respublika Oliy sudining xabar berishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Yangiariq tuman sudida 1978-yilda Hazorasp tumanida tugʻilgan, oʻrta maʼlumotli, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan va 3 nafar farzandning otasi boʻlgan U.S.ga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqilgan.

Sudda maʼlum boʻlishicha, ayblanuvchi giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan fuqaro va uning qarindoshlariga DXXda ishlovchi xodimning ismini aytib, uni tanishim deb aldab, u orqali qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha yordam berishini, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanmasligini aytib xizmati uchun 6 ming AQSH dollarini soʻrab olgan.

Sud ayblanuvchini firibgarlik, pora berishga dalolat qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir qilishda ayblab, takroran tuhmat qilish jinoyatlarini sodir qilgan deb topdi.

Sudya U.S.ning aybiga qisman iqrorligini, oilaviy ahvoli, guvohlar koʻrsatmasi va taraflar fikrini inobatga olib hukm qildi. Unga koʻra U.S Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari, 28, 211-moddasining 1-qismi va 139-moddasi 3-qismining “a” bandida bilan aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida hamda 59,60-moddalari tartibida, jinoyat ishlari boʻyicha Tuproqqalʼa tumani sudining 2022-yil 11-mart kungi hukmi bilan tayinlanib, oʻtalmagan 1 yil 28 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan jazoga qoʻshilib uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.