Yarim tun boʻlishiga qaramay, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar sportchilarimizni kutib olish uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, dzyudochilarimizning oila aʼzolari, yosh dzyudochilar, keng sport jamoatchiligi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari hozir boʻlishdi.
Eslatib oʻtamiz, Tel-Aviv “Katta Dubulgʻa” turnirida dunyoning 60ta davlatidan jami 418 nafar dzyudochi medallar hamda Tokio-2020 Olimpiadasi yoʻlidagi muhim reyting ochkolarini qoʻlga kiritish uchun tatamiga chiqishdi. Ular qatorida Oʻzbekiston terma jamoasining 11 nafar aʼzosi ham oʻz imkoniyatini sinovdan oʻtkazdi.
Dzyudochilarimiz Isroil turnirida 1ta oltin va 2ta bronza medali bilan yakunda umumjamoa hisobida 60 davlat orasida 8-oʻrinni band etdi. Sharofiddin Boltaboyev oltin medal va 1000 reyting ochkosiga ega boʻldi. -60 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda yurtimiz sharafini himoya qilgan Sardor Nurillayev va Muhriddin Tilovov esa bronza medali hamda 500 reyting ochkosini qoʻlga kiritishdi.
Endi bor eʼtibor 5-7-mart kunlari poytaxtimizdagi muhtasham “Humo Arena” muz saroyida oʻtkaziladigan Toshkent “Katta Dubulgʻa” turniriga qaratiladi. Ushbu musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi har bir vazn toifasida 4 nafardan dzyudochi bilan ishtirok etadi.


