Portugaliyaning Almada shahrida dzyudo boʻyicha Almada Gran-prisi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi 81 mamlakat ichida umumjamoa hisobida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Hamyurtlarimiz murosasiz kechgan bellashuvlarda 2 ta oltin medalga sazovor boʻldi.

Yilning ilk turnirida Janubiy Koreya termasi 4 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini jamgʻarib, umumjamoa hisobida gʻalaba qozondi. 2 ta oltin va 1 ta kumush medaliga sazovor boʻlgan mezbonlar ikkinchi natijani qayd etishdi.

Dastlab, -66 kilogramm vazn toifasida Muhriddin Tilovov, soʻng -73 kilogrammda Obidxon Noʻmonov chempionlik shohsupasiga koʻtarildi. Ushbu gʻalaba hamyurtlarimizga jahon reytingi uchun 700, Parij-2024 Olimpiadasi yoʻlida 350 ochko taqdim qildi. Terma jamoamizning qolgan ishtirokchilari garchi sovrindorlar qatoridan joy olishmagan boʻlsada, qimmatli reyting ochkolarini jamgʻarishdi.

Qayd etish joiz, 2022-yilgi Almada Gran-prisida ham -73 kilogramm vazn toifasidagi bahslar oʻzbekistonlik dzyudochi Murodjon Yoʻldoshevning gʻalabasi bilan yakunlangan edi. Endi terma jamoamiz 4-5-fevral kunlari Parij shahrida oʻtadigan “Katta dubulgʻa” turnirida ishtirok etadi.