YECHLning 2020-yilgi finalchilari “Bavariya” va “PSJ” oʻrtasida Myunxenda oʻtgan bahs gollarga boy boʻldi. Oʻyinda parijliklar Mbappening dubli va Markinyosning goli evaziga gʻalaba qozonishdi. Javob gollarni Shupo-Moting va Myuller kiritdi – 2:3.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bu Flik boshchiligidagi myunxenliklarning YECHLdagi ilk magʻlubiyatidir.

“PSJ” hujumchisi Kilian Mbappe oʻyindan keyin Bayern Germany nashri muxbiriga quyidagilarni aytdi: “Dunyoning eng yaxshi oʻyinchilariga qarshi maydonga tushishni yaxshi koʻraman. Manuel Noyer futbol tarixidagi eng yaxshi darvozabonlardan biri. Unga Chempionlar ligasi finalida gol urolmagandim, bugun bunga erishdim. Umid qilamanki, javob oʻyinida ham gollar uraman.

Yevropaning ayni paytdagi eng yaxshi jamoasi bilan oʻynadik. Ogʻir oʻyin. Yaxshi harakat qildik va qiyinchiliklarni birgalikda yengdik. Ammo bu, ajoyib qarama-qarshilikning faqat birinchi qismi. Keyingi oʻyinda ham ishonchli oʻynash va jamoaviy futbol namoyish etishimiz kerak boʻladi”.

Angliyaning “Chelsi” jamoasi Sevilyada, neytral stadionda oʻtgan bellashuvda “Portu” darrozasiga javobsiz 2ta toʻp kiritdi. Birinchi boʻlimda Maunt, ikkinchi boʻlim soʻngida Chiluell gol urdi.

“Ogʻir oʻyin boʻldi. Qiyin daqiqalarni boshdan kechirdik, — dedi oʻyindan soʻng “Chelsi” bosh murabbiyi Tomas Tuxel VVS muxbiriga. — Ammo buni toʻgʻri qabul qildik. Jamoa yaxshi kayfiyatda edi, yakunda ajoyib natijaga erishdik”.