Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining xabar berishicha, Agentlik tomonidan chakana savdo obyektlarida 41 ta mahsulotning nazorat xaridi va ekspertizasi amalga oshirilgan. Natijada, sifatsiz paxta yogʻlari va osh tuzlari aniqlangan.
Namuna sifatida olingan 32 ta mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari uchun berilgan ekspertiza xulosasida 8 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi maʼlum boʻldi.
6 ta paxta yogʻ mahsuloti namunalaridan 3 ta yogʻ namunasi “ Antiqa” paxta yogʻi, “Sharq paxta yogʻi” va “Dilbar” paxta yogʻining ishqoriyligi darajasi SanPin 0366-19 talabi meʼyoridan yuqoriligini ekspertiza natijalari aniqladi. Bunday mahsulotlar isteʼmolga yaroqsiz hisoblanib, ularni muntazam ravishda isteʼmol qilib borish inson hayoti va sogʻligi uchun xavfli hisoblanadi, turli oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqishiga sabab boʻladi.
Nima sababdan paxta yogʻining ishqoriylik darajasi yuqori chiqqan? Maʼlumotlarga qaraganda, bunday salbiy holat uni tayyorlash jarayoni, saqlanish tartib-qoidalariga rioya qilmaslik, yaroqlilik muddati oʻtgani, baʼzida turli muddatlarda tayyorlangan yogʻlarni qoʻshib qadoqlash kabi holatlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Yana roʻzgʻorda koʻp foydalaniladigan mahsulotlardan biri – osh tuzi. Uning sifati va xavfsizligi qanday? Oʻtkazilgan sinovlarda “Dengiz osh tuzi” va “Yagona ishonch” kabi mahsulotlarda yodning ulushi meʼyordan kamligi, aksincha “Orzu” osh tuzi namunasida esa yod miqdori meʼyoridan koʻpligi (63,5) aniqlangan boʻlib, SanPin 0366-19 talabiga javob bermadi.
Endi koʻpchilikda savol tugʻilishi mumkin: tuzda yodning miqdori koʻpligi aslida foydali emasmi? Tibbiyot mutaxassislarning fikriga qaraganda, tuzda yod miqdori belgilangan talablarga mos boʻlishi kerak, yodning ortib ketishi inson organizmining qalqonsimon bezida patologik oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin.