Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi strategik munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Asosiy yoʻnalishlarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani va turli darajadagi faol muloqot yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Bu hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga tomonlarning niyatlarini aks ettiradi.
Ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, “YEI – Markaziy Osiyo” sammiti, “YEI – Markaziy Osiyo” shaklidagi Vazirlar uchrashuvi hamda yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqi yuqori darajadagi vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Mazkur tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularning kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishildi. Shuningdek, Yevropa tomoniga shu yilning mart oyida boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun taklifnoma topshirildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik muhokama qilindi. 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,9 milliard dollarni tashkil etdi, shu bilan birga Oʻzbekistondan uskunalar, shuningdek toʻqimachilik, kimyo, charm-poyabzal sanoati mahsulotlari eksportining oʻsishi kuzatildi. Mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklari Germaniya, Litva va Italiyadir. Tomonlar qoʻshimcha vositalardan foydalangan holda oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish zarurligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirdilar.
Jumladan, 2021-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlariga oʻzbek tovarlari eksporti 30 foizga oshgani tufayli Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi (GSP+) benefitsiari maqomini olish orqali Oʻzbekistonga taqdim etilayotgan imkoniyatlardan toʻliq foydalanish muhimligi qayd etildi. Oʻzbekiston tomoni mamlakatda mehnatni muhofaza qilish va inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish, shuningdek, ushbu maqomni olish jarayonida Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha 27 xalqaro konvensiya qoidalarining talablarini samarali joriy etish uchun Oʻzbekistondagi YEI delegatsiyasi va YEIning tegishli institutlari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.
Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik (KSHHTB) toʻgʻrisidagi Bitim matnini kelishish boʻyicha birgalikdagi ishlarning borishi oʻrganildi. Muzokaralar jarayonini faollashtirish va yaqin vaqt ichida Toshkentda muzokaralarning navbatdagi raundini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi bilan bogʻliq yoʻnalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ikki tomonlama muzokaralar jarayonini jadallashtirishga, shuningdek, yaqin kelajakda Jenevada (Shveysariya) Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhining 5-yigʻilishini tashkil qilish imkoniyatlari ustida ish olib borishga kelishib oldilar.
Moliyaviy-texnikaviy hamkorlik masalalari alohida tartibda muhokama qilindi. Tomonlar Oʻzbekistonda islohotlarni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa Ittifoqidan 83 million yevro miqdorida grantlar ajratishni nazarda tutadigan Oʻzbekiston bilan 2021-2024-yillarga moʻljallangan hamkorlikning Indikativ dasturini hayotga joriy etish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.
Yevropa investitsiya banki (YEIB) bilan hamkorlik faol rivojlanayotgani taʼkidlandi. Ayni paytda Orolboʻyi mintaqasida issiqlik va suv bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash, biznesni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohalarida qator loyihalar koʻrib chiqilmoqda.
Trast jamgʻarmasining inson xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyati bilan bogʻliq masalalarga ham eʼtibor qaratildi. Jamgʻarma faoliyati va hududda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda koʻrsatilayotgan moliyaviy yordam uchun Yevropa tomoniga minnatdorlik bildirildi. Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda YEI jamgʻarmaning eng yirik donorlardan biri hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar umumiy vazifalarni hal etishda ikki tomonlama sheriklik va yaqin hamkorlikni izchil kengaytirish va mustahkamlashga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.