Yekaterinburg va Chelyabinskdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

    O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasida konsullik okrugiga kiruvchi hududlarda mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan hamda axloq tuzatish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Uchrashuvlardan asosiy maqsad xorijdagi vatandoshlarimizni huquqiy himoya qilish, ularning holidan xabar olish hamda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlardan voqif etish va tegishli mavzularda profilaktik suhbatlar o‘tkazishdan iborat.

    Yaqinda Yekaterinburg shahridagi “SAI GON” nomli kafeda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan 50 nafar va Chelyabinsk shahridagi “Agrokompleks-Avgust” MCHJdagi 40 nafar fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar uyushtirildi.

    Ularda fuqarolarimizni qiziqtirayotgan savollar, ularning muammo va takliflari tinglandi.

    Tadbir davomida qatnashchilarga O‘zbekistonda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va yaratilayotgan shart-sharoitlar, xorijdan Vatanga qaytgan hamyurtlarimizni ish bilan taʼminlash hamda tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

    Shundan so‘ng fuqarolar bilan ekstremistik va terroristik tashkilotlar taʼsiriga tushib qolmaslik hamda boshqa jinoyatlarga qo‘l urmaslik borasida profilaktik suhbat o‘tkazildi.

    Uchrashuvlar chog‘ida mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, ularning mazmun-mohiyati haqida ham atroflicha fikr yuritildi.

    Vatandoshlarimiz konsullik va tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq savollariga batafsil javoblar olishdi.