Kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanktsiyalar joriy etilishi belgilandi.
Unga ko'ra, daryolarning o'zanlarini tozalashga va qirg'oklarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 3 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanktsiyalar qo'llaniladi.
Suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo'l qo'yish shartlari to'g'risidagi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to'lanishi lozim bo'lgan kompensatsiya to'lovining 10 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanktsiyalar qo'llaniladi.
Yuridik shaxslarga tegishli bo'lgan yoki ularga biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko'rmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 5 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanktsiyalar qo'llaniladi.
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 3 oy o'tgach kuchga kiradi.