Havoning iflosligi, chiqindilar ko‘lami, aholining bu sohadagi bilimi yetishmasligi  kabi holatlar bizni kun sayin kutilmaganda jiddiy muammolarga duch kelayotganligimizni ko‘rsatadi. Ayniqsa poytaxtimizda so‘nggi kunlarda havoning tarkibidagi PM 2.5 xavfli zarralar salmog‘i me’yoridan bir necha marta oshib ketishi aholidan yanada sergak bo‘lishni talab etadi.

Toshkent shahri 2024-yilda dunyoning eng iflos shaharlaridan biriga aylandi. PM 2.5 konsentratsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ko‘rsatilgan havoning xavfsiz holati chegarasidan bir necha baravar aniqroq aytadigan bo‘lsak, 15 barobarga ortib ketish holatlari ham kuzatilgan. 2025-yilda ma’lum bo‘lishicha, poytaxtda havo sifati so‘nggi kunlarda AQI (Havo sifati darajasi) bo‘yicha “zaharli” yoki “jiddiy zararli” ko‘rsatgichlarni qayd etgan. Eng achinarlisi, bunday havo sifati nafas yo‘llari yetarlicha shakillanib ulgurmagan hamda nafas olish bilan muammolari bor bolalar sog‘ligiga ta’siri kata, va aynan shu sababli ular ko‘proq aziyat chekadigan aholi qatlamiga kirishadi.

Havoning sifati bilan bog‘liq muammolardan tashqari, nazarimda, chiqindilar masalasiga ham biz o‘zimizni ancha beparvo tutyapmiz. Ko‘plab tashkilotlarda jumladan, maktab va bolalar bog‘chalarida maishiy chiqindilarni saralash madaniyati deyarli shakllanmagan. Odatda ushbu tashkilotlarda ichkarida joylashgan binolar uchun bitta bo‘limli axlat qutisi yetarli deb hisoblanadi. Unga kelib axlat tashlanishi go‘yoki masalani yechimidek tuyuladi, go‘yoki madaniyatning boshlanishidek uqtiriladi. Aslida-chi? Ajratilmagan chiqindi orasida plastik, metal, qog‘oz kabi qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan materiallar aralashib, saralash jarayonini murakkablashtiradi bu esa bosqichma-bosqich yuqorida keltirib o‘tilgan muammolarga sabab bo‘ladi.

Ushbu muammolarning mohiyatini, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ekologik inqirozini erta ya’ni bog‘cha bolalari yoshidan uqtirib borish muammoning yechimiga qo‘yilgan ilk qadam deb hisoblayman. Kichik yoshdan bolalarga chiqindilarni qanday ajratishni o‘rgatish - bu nafaqat axloqiy tarbiya, balki kelajakda barqaror ekologik jamiyat qurish yo‘lidagi strategik harakat bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Tasavvur qiling, bog‘chada har bir xonada uch xil axlat qutisi bor - qog‘oz,  plastik, va organik chiqindilar uchun ajratilgan. Har bir qutida rangli, tushunarli yorliqlar yopishtirilsa, buning yordamida bolalar qaysi chiqindini qaysi idishga tashlashini osongina bilib olishadi. Shu tariqa, ularda butun umrlik odat hamda atrof muhit haqidagi bilim ya’ni hozirgi zamon bilan hamnafas ong shakillanadi.

Kuni kecha men o‘zim dars o‘tadigan fanimga tegishli bo‘lgan o‘quv dastur doirasida mavzu ya‘ni “Atrof muhit” ga oid savollar bilan murojaat qildim. Achinarlisi, talabalar berilgan savollarga faqat hukumatda bu borada qanday ishlar amalga oshiralayotganligi nuqtayi nazaridan javob qaytarishdi. Bir tomondan talabalarning hukumat tashkilotlari tomonidan muammoning yechimlarini topishga qaratilgan say-harakatlardan xabardor bo‘lganligi quvontirsa, ikkinchi tomondan, shaxs, shu zaminning farzandi sifatida atrof-muhitga qanday ta’sir qilishi haqida deyarli bilimga ega emasliklari meni tashvishga soldi. Bu esa bejizga emas, chunki biz, ota-onalar, o‘qituvchilar va mahalla faollari balki bu haqida avlodimiz davomchilariga kam ma’lumot berayotgandirmiz, shunchaki bu haqida umuman suhbat qurmayotgandirmiz yoki bizning ham bu masalada bilimimiz yetarli emasdir.

Ushbu muammolarning yechimi sifatida avvalo, maktab va bog‘chalarda mavjud bir bo‘limli axlat qutilarini uch bo‘limli axlat qutilarga almashtirish zarur. Bu kichik, ammo samarali qadam bolalarda chiqindilarni to‘g‘ri saralash odatini shakllantirishga xizmat qiladi. Ushbu harakatni amalga oshirishda albatta hukumatning va ta’lim tashkilotlarining o‘rni beqiyos, zero ushbu g‘oyani amalga oshirish o‘ziga yarasha yetarlicha mablag‘talab qiladi. Shuningdek, bolalarni chiqindi yig‘ish punktlari, qayta ishlash zavodlari va axlat bilan to‘lib yotgan tashlandiq ochiq maydonlarga ekskursiyaga olib borish hissiy ta’sir kuchiga ega chunki ular jarayonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, “Ona zamin”ga nisbatan hurmat va mas’uliyat tuyg‘usini erta yoshdan his qilishni boshlashadi. Bundan tashqari, ekologik muammolarni bartaraf qilishda muvaffaqiyatga erishib kelayotgan mamlakatlarning chiqindi to‘plash va qayta ishlash yuzasidan ilg‘or tajribasini rosmana o‘rganish, ular bilan hamkorlikda loyihalar ishlab chiqish va xorijiy sarmoyalarni jalb etish orqali qayta ishlab chiqarish tizimini yanada rivojlantirish mumkin.

Xulosa qiladigan bo‘lsam “Uch bo‘limli axlat qutisi” - bu faqat oddiy quti emas, balki kelajak avlodda ekologiyaga ma’suliyatlilik tuyg‘usini shakllantirish vositasidir. Bog‘chadan boshlangan kichik odatlar bola hayotiga singib, kelajak jamiyatida yangi madaniyat paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Keling, eng sodda o‘zgarishdan boshlaylik ya’ni bolalar bog‘chalari va maktablarda bu turdagi chiqindi qutilarini to‘g‘ri ishlatish haqida bilim berishdan boshlash joiz. Shu oddiy harakat bizni kelajakda odamlarimiz ekologik ongini o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Farzandlarimizga, o‘zlarining va zaminimiz kelajagi uchun, ekologik ta‘limni va ekologik madaniyatini erta yoshlardan o‘rgataylik.

Nigoraxon Ro‘zibayeva,
TDYU Xorijiy tillar kafedrasi dotsent v.b.,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)