Loyihaga koʻra, ekologik huquqbuzarlikka, shu jumladan atmosfera havosi ifloslanishiga qarshi kurashish va aniqlangan huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish uchun Toshkent shahrida sinov-tajriba tariqasida “Ekologik patrul” qoʻshma boʻlinmasini tashkil etiladi.
Boʻlinma Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza sohasidagi qonunchilik talablarining ijrosini taʼminlash borasida profilaktik tadbirlarni va nazorat ishlarini doimiy tarzda amalga oshirishi koʻzda tutilmoqda.
Boʻlinma:
— atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish;
— atrof-muhitning holatini kuzatib borish, atrof-muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga xavf solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni aniqlash;
— ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishga doir targʻibot-tashviqot va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek, brakonyerlikka qarshi kurashish;
— tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish uchun taʼsirchan choralarni qoʻllash;
— aholi punktlari, koʻchalar, isteʼmol bozorlari, yirik savdo majmualari, turizm namoyishi obyektlari va boshqa jamoat joylarining hamda korxona va tashkilotlarning tutashgan hududlarining tozaligi va ekologiya holati ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
— ekologik huquqbuzarlikka, shu jumladan atmosfera havosi ifloslanishiga qarshi kurashish boʻyicha davlat ekologik nazoratini kunu tun amalga oshirishi kabi vazifalar belgilanmoqda.
Ichki ishlar va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi “Ekologik patrul” qoʻshma boʻlinmasi faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Boʻlinma rahbari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi, maqomi boʻyicha tegishli ravishda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi markaziy apparatining boshqarma boshligʻi lavozimiga tenglashtiriladi.
Ichki ishlar va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-mayga qadar Boʻlinmada umumiy xodimlar soni 100 ta shtat birligi tashkil qiladi.








