баннер
13 Mar 2025
18:14

    Ekologik toza qishloq xoʻjaligi texnikasi yaratiladi

    Oʻzbekistonda ekologik toza siqilgan tabiiy gaz (STG) yoqilgʻisi asosida ishlaydigan qishloq xoʻjaligi texnikasini yaratishga qaratilgan innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.

    Innovatsion rivojlanish agentligi boshqarma boshligʻi Umidjon Hoshimov maʼlum qilishicha, ushbu loyiha Koreya Respublikasining Koreya yuqori texnologiyalar instituti (KIAT), Innovatsion rivojlanish agentligi, “Oʻzavtosanoat“ AJ va Chirchiq shahar hokimligi hamkorligida tatbiq etilyapti. Uning umumiy qiymati esa 10 million AQSH dollarini tashkil etadi.

    Loyiha Koreya Respublikasining ODA dasturi doirasida begʻaraz koʻmak asosida moliyalashtirilmoqda. Uning asosiy maqsadi R&D tadqiqot va ishlanmalar markazini tashkil etish hamda mamlakatimizdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarini ekologik toza STG yoqilgʻisiga oʻtkazishdir. Bu esa mamlakatda ekologiyaga nisbatan taʼsirni kamaytirish, yoqilgʻi xarajatlarini optimallashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

    Loyiha doirasida zamonaviy STG-4 gaz ballonli uskunalar joriy etiladi. Bu uskunalar dvigatel uchun xavfsiz, kam xarajatli va haydovchining aralashuvini minimal talab etadigan yechim hisoblanadi.

    Shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida texnologik yechimlar ishlab chiqiladi, zamonaviy asbob-uskunalar joriy etiladi hamda ulardan samarali foydalanish boʻyicha oʻquv va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech