Unga muvofiq, 2025-yil 1-martdan boshlab:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil toʻlov” xayriya toʻlovlarini “Yashil olam” va “Yashil toʻlov” elektron platformalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan “Yashil toʻlov” xayriya toʻlovlari Yashil xayriya jamgʻarmasida jamlanadi, bunda “Yashil olam” elektron platformasi orqali amalga oshirilgan xayriya toʻlovlari Yashil xayriya jamgʻarmasining alohida hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi;
Yashil xayriya jamgʻarmasida jamlangan mablagʻlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalari asosida daraxt va buta koʻchatlarini ekishni tashkil qilish, shuningdek, mamlakatda ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;
Yashil xayriya jamgʻarmasiga kelib tushgan mablagʻlardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalaniladi.
Ushbu qarorga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Yashil xayriya jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Shuningdek, qaror bilan:
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamgʻarmasi boshqaruv kengashining tarkibi tasdiqlandi.
Ixtiyoriy xayriya toʻlovlari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi “Yashil olam” va “Yashil toʻlov” elektron platformalari ishga tushiriladi.
2025-yil 1-iyunga qadar Milliy yashil farovonlik fondi (elektron maʼlumotlar bazasi) shakllantirilib, unga respublikadagi, shu jumladan, davlat oʻrmon fondiga kiradigan daraxt va butalar haqidagi maʼlumotlar kiritiladi va oʻsimlik dunyosi obyektlari davlat kadastri yuritiladi.