— Anchadan buyon quyosh panellarining qulayliklari haqida eshitib, xonadonimga oʻrnatish harakatida yurardim, — deydi Qarshi tumanidagi Saroy mahallasida istiqomat qiluvchi Xayrulla Choʻliyev. — Bundan ikki oycha avval mutaxassislarga murojaat qilgandim, 3,3 kilovatlik panel oʻrnatib berishdi. Buning yana bir afzal tomoni shundaki, quyosh panelidan olinayotgan elektr energiyasining ehtiyojimizdan ortganini davlatga sotyapmiz. Shuning orqasidan hozir har oy oʻrtacha 150–200 ming soʻm daromad topayapmiz. Bundan tashqari, 3 yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod qilinishimiz ayni muddao boʻldi.

Ushbu qurilmalarni sotib olganimizda narxi biroz qimmatdek tuyulgandi. Ammo, davlat tomonidan berilgan imtiyozlarni hisobga oladigan boʻlsak, xarid qilganimga achinmadim. Hozirda hududiy elektr tarmoqlariga sotayotgan elektr energiyasi uchun mablagʻlar davlat tomonidan har oy “Soliq” mobil ilovasi orqali bank palastik kartamga oʻtkazib berilyapti.

Maʼlumki, quyosh panellari va suv isitish qurilmalaridan foydalanilganda elektr va issiqlik energiyasi tekinga tushadi. Bundan tashqari, quyosh panellari atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqarmaydi, yaʼni, tabiatga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Qolaversa, aholi uchun anchagina qulayliklarga ega. Jumladan, quyosh panellari binolarning tom qismiga oʻrnatilgani bois hech ham xalaqit bermaydi, ishlash jarayonida shovqin chiqarmaydi.

Olim aka Ochilov ham yaqinda mahallasida birinchilardan boʻlib quyosh panellarini xonadoniga oʻrnatdi. Bu yangilik koʻpchilikka qiziq boʻlgani bois, deyarli har kuni qoʻni-qoʻshni, yaqinlari kelib, qurilmalarga qiziqish bildirishmoqda. Olim aka ham quyoshdan elektr energiyasi oluvchi uskuna afzalliklari haqida tushuntirishni kanda qilmaydi.

— Hali oʻrnatganimga koʻp boʻlgani yoʻq, — deydi O.Ochilov. — Imtiyozli kredit asosida 3 kilovatlik panel xarid qildim. Qurilmalarni keltirib, tomga oʻrnatish boshlangandan qiziquvchilar koʻpaydi. Barchani qiziqtirgan savol — panellarning afzalligi haqida. Eng avvalo, bu uskuna orqali quyoshdan olingan energiya bitta xonadonga bemalol yetadi. Bilamizki, yoz va qish chillasida aholi oʻrtasida elektr energiyasiga talab oshadi. Shunday paytda quyosh panellari oʻrnatilgan xonadonlar koʻpayishi hisobiga umumiy tarmoqdan elektr energiyasi olish kamayadi. Bu esa oʻz-oʻzidan taʼminotdagi uzilish va tarmoqdagi zoʻriqishlarning oldini oladi. Hozirda qoʻshnilarim ham qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini oʻrnatish harakatiga tushgan. Tez orada mahallamizda foydalanuvchilar safi ortib, quyoshli xonadonlar yanada koʻpayadi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi masʼullari bergan maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda vohada kichik quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatgan aholi xonadonlari soni bir yarim mingdan oshgan. Ikki mingdan ortiq tadbirkorlik hamda mingdan ortiq ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida quyosh panellari oʻrnatilgan. Bu ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

Shuningdek, joriy yil viloyatda “yashil energiya” borasida yirik loyihaga start berildi. Jumladan, Xitoyning “China Gezhouba Group investment Company Co.LTD” kompaniyasi tashabbusi bilan Nishon tumanida quvvati 500 megabayt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish ishlari boshlangan. Maʼlumotlarga koʻra, qiymati 400 million dollar boʻlgan loyihaning birinchi bosqichida stansiya 200 megabayt quvvatda joriy yil dekabr oyida, ikkinchi bosqichda esa 2024-yilning yakuniga qadar toʻliq quvvatda ishga tushishi aytilmoqda. Bu esa viloyatda qayta tiklanuvchi energiya islohi uchun muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri