Videokonferensaloqa tarzda oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonuni normalari talablarining bajarilishi hamda davlatimiz rahbarining 2019-yil 17-apreldagi “2019-2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ikki bosqichda amalga oshiriladigan mazkur hujjatdagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida yurtimizda aholining sanitariya xavfsizligi va atrof muhit muhofazasini taʼminlovchi va kafolatlovchi chiqindilarni boshqarishning mukammal tizimini yaratish nazarda tutilgan.
Joylarda olib borilgan oʻrganishlar va olingan maʼlumotlarga asosan mazkur qaror ijrosiga maʼsul boʻlgan davlat organi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida maxsus texnikalar xarid kiligan. Shuningdek, 2019-yilda 46 ta avtopark kurish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, 2020-yilda esa, hududiy “Toza xudud” DUKning 40 ta maʼmuriy bino va avtoparklarida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilgan. 2019-yilda 29 ta, 2020-yilda esa, 35 ta modul tipidagi chiqindi yigʻish shoxobchasi, 49 ta yer osti konteyneri hamda 1 166 ta chiqindi konteyneri belgilangan joylarga oʻrnatilgan.
Qaror ijrosi yuzasidan sanitariya va ekologik talablarga javob bermaydigan 24 ta maishiy chikindi poligonlarining faoliyati toʻxtatilib, rekultivatsiya qilish ishlari olib borilgan. Shuningdek, aholining sanitariya-ekologik va xuquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot kompaniyasi hamda aholining chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi bilim darajasini oshirish boʻyicha qator amaliy ishlar qilindi.
Oʻrganishlar mazkur hujjat ijrosini taʼminlashda amalga oshirilgan ishlar bilan birga hali oʻz yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Eshituvda bugungi kunda hududlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan hosil qilinayotgan maishiy chiqindilarni olib chiqish qamrovi bir muncha past darajani tashkil qilganligi sababli noqonuniy chiqindixonalar paydo boʻlayotgani, “Toza hudud” DUK filiallari moddiy-texnik bazasi yana-da takomillashtirilishga muhtojligi hamda koʻplab xududlarda chiqindilar faqatgina koʻmish yoʻli bilan yoʻqotilayotgani deputatlarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi. Shuningdek, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasiga xususiy sektor vakillarini jalb qilish ishlar sust olib borilayotgani tanqid qilindi.
Tadbirda qarorda belgilangan vazifalarni toʻliq amalga oshirishda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi oldida turgan dolzarb vazifalar, istiqboldagi rejalar yuzasidan tanqidiy-tahliliy ishlar muhokama qilinib, belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, mazkur sohada mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi aʼzolari tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlangan Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi muhokama qilinib, loyiha yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.
Eshituvda kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.