Ekologiya vazirligi atmosfera havosi ifloslangani boʻyicha maʼlumot berdi

    Shu yilning 22-sentyabr kuni Toshkent shahri havoning iflosligi darajasi boʻyicha jahon shaharlari orasida 1-oʻringa chiqdi. 23–24-sentyabrda havoda mayda dispers zarrachalar miqdori yana ortishi ehtimoli bor.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Toshkentda atmosfera havosi ifloslangani boʻyicha maʼlumot berdi.

    Bildirilishicha, shu yilning 21-sentyabr kuni markazida atmosfera bosimi 1010 gPa.gacha pasayuvchi past bosimli kichik gradiyentli atmosfera sohasi respublikaning Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kunduz kuni havo haroratining +34...+35 darajagacha qizib ketishini taʼminladi. Hatto bu paytda Toshkent viloyati janubiy stansiyalarida havo harorati maksimum qiymatlari +35 darajadan yuqoriladi.

    Ushbu isish hodisasi 21-sentyabr tunda Kaspiy dengizi orqali markazida atmosfera bosimi 1028 gPa.gacha yuqori koʻtariluvchi sovuq antitsiklonal jarayonning mintaqaga davomli front oldi gʻarbiy shamollari bilan kirib kelishiga sabab boʻldi.

    21-sentyabr kuni va 22-sentyabr tongida Navoiy viloyati sharqi, Aydarkoʻl koʻllar tizimi atrofiga esgan kuchli va davomli gʻarbiy shamollar oʻz yoʻnalishini Chordara suv ombori hududlaridan boshlab biroz shimol tomonga oʻzgartirdi. 22-sentyabr kunning ikkinchi yarmidan Qizilqum sharqi va Aydarkoʻl hududlari hamda Qozogʻiston janubiy viloyatlarida koʻtarilgan chang havo massalari toʻgʻri Toshkent shahriga kirib keldi.

    Toshkent shahrida soat 15:00 dan boshlab avvaliga janubi-gʻarbiy va gʻarbiy hududda havoda PM2.5 va PM10-mayda dispers zarrachalari orta boshladi. Masalan, Oʻzgidrometning Uchtepa hokimiyati binosi oldiga oʻrnatilgan Horiba avtomat stansiyasi ayni oʻsha muddatda havo tarkibida 142 mkg/m³ ogʻirlikda mayda PM2.5 zarrachasini qayd etgan. Bu milliy ruxsat etilgan standart qiymatdan 4 barobar koʻp qiymatdir. PM2.5-mayda zarrachasi boʻyicha milliy ruxsat etilgan meʼyoriy qiymat 35 mkg/m³ hisoblanadi.

    Soat 16:00 da poytaxtda janubi-gʻarbiy shamollar soniyasiga 4 metr tezlikda esib, janubi-gʻarb tomondan shahar markazi va shimoli-sharqi tomon mayda dispers zarrachalari jadal toʻplanishiga olib keldi. Bu vaqtda Toshkent markaziy qismlarida ham havoda PM2.5 va PM10-mayda zarrachalari milliy ruxsat etilgan meʼyorlardan oshdi. Hatto poytaxtning sharqiy qismi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻrnatilgan avtomat stansiya kuzatuv obyektida mayda PM2.5 zarrachalari milliy ruxsat etilgan meʼyordan 2 barobargacha (68 mkg/m³) ortib ketdi. Chang havo poytaxtni egallay boshladi. Toshkent xalqaro aeroportida ayni 16:00 dan boshlab koʻrinish masofasi 5 km gacha cheklangan gʻubor hodisasi kuzatila boshlandi.

    Soat 18:30 da Oʻzgidrometning Toshkentga oʻrnatilgan koʻplab avtomat stansiya qiymatlarida havoda mayda PM2.5 dispers zarrachalari taxminan 150 mkg/m³ atrofida shiddat bilan koʻpayib borayotgani qayd etildi. Bu kabi qiymat Toshkentning katta qismida mayda PM2.5 zarrachalar bilan ifloslanish milliy ruxsat etilgan meʼyordan 5 barobargacha koʻpayib ketishini taʼminladi. Ayni mana shu muddatda “Toshkent” xalqaro aeroportida koʻrish masofasi yanada yomonlashib, 4000 metrgacha masofani tashkil etdi.

    Prognoz

    Markazida atmosfera bosimi 1025 gPa.gacha koʻtariluvchi sovuq antitsiklon respublikaning markaziy qismlaridan oʻtmoqda. Ushbu jarayon 24-sentyabrga qadar respublika ob-havosini belgilovchi oqim hisoblanib, 23–24-sentyabr kunlari ayni Toshkent shahri havosida toʻplangan mayda dispers zarrachalarni toʻliq “tozalash” quvvatiga ega emas. Aksincha, ushbu havo oqimi havoda yigʻilgan mayda zarrachalarni asta-sekin yerga bosish holatini keltirib chiqaradi. 23–24-sentyabr tonggi muddatlar va kechki muddatlarda inver­siya hodisasi sabab havoda mayda dispers zarrachalari miqdori yana ortishi ehtimoli bor. 24-sentyabr tungi muddatlarda antitsiklonning mintaqadan butunlay chekinishi va oʻrniga boshqa bir past bosimli atmosfera jarayonlari almashinish fonida Toshkent shahri havosida mayda dispers zarrachalardan tez tozalanish roʻy berishi mumkin.