Ekspertizada 85 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjat talablariga nomuvofiqligi aniqlangan

    Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi vakillari tomonidan inson hayoti, salomatligi, mol-mulki, atrof-muhit uchun xavfli va sifatsiz bo'lgan mahsulotlarni aniqlash maqsadida tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridi amalga oshirildi.

    Tadbirlar davomida 369 nomdagi (un, qolipli non, shakar, idishdagi ichimlik suvi, quyultirilgan sut, kolbasa mahsuloti, sariyog', go'shtli konserva, pishloq, yog'-moy mahsulotlari, sement, ko'mir, armatura, paxta yog'i, tomatli ketchup, led lampalar, elektro kabellar va boshq.) mahsulotlar bo'yicha o'tkazilgan ekspertizada 85 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.

    Agentlik tomonidan taqdim etilgan laboratoriya natijalari asosida sertifikatlovchi vakolatli organlar tomonidan nomuvofiq deb topilgan mahsulotlarni sertifikatlarini bekor qilish, qayta rasmiylashtirish va tegishli tartibda ma'muriy choralar ko'rish bo'yicha ishlar amalga oshirilib, ishlab chiqarishdagi muammolarni bartaraf etish choralari ko'rilgan.

    Bozorlarning faoliyati, belgilangan savdo qoidalarining bajarilishi, foydalanishdagi mavjud tarozilarning sertifikatlari mavjudligi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiqligini o'rganishlar tashkil etildi.

    Respublika miqyosidagi 192 ta dehqon bozorlarida 34 ta holatda qonunchilik talablari buzilishi alomatlari bilan hududiy tuzilmalar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 225-son nizom talablari asosida ish qo'zg'atilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha ko'rsatmalar berilgan.

    Natijada iste'molchilar tomonidan mahsulotlarni dehqon bozorlarida xarid qilish mahsulot og'irligi bo'yicha kelib chiqishi mumkin bo'lgan muammolar bartaraf etildi. Bu haqida AOKAda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bo'lib o'tgan matbuot anjumanida xabar berildi.