Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 21 yoshli fuqaro 2018-2023-yillar davomida doimiy yashash manzilida boʻlishi hamda 2022-yilning iyul noyabr oylarida Qozogʻiston Respublikasining Olma ota shahrida mavsumiy ishlashi davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlar gʻoyaviy rahnamolarining “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi audio-video maʼruzalarini tinglab, tomosha qilgan.

Natijada, u “Telegram” messenjerida 11 ta kanal ochib, ekstremistik mazmundagi gʻoyalarni targʻib qilish bilan shugʻullangan.

Hatto unda Suriyaga borib, “jihod” qilish istagi paydo boʻlgan va ayni shu maqsadda ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻzgalardan kerakli maslahatlarni olgan.

Bu orada farzandining nojoʻya harakatlaridan xabar topgan ota-onasining ogohlantirishlariga qaramasdan, u oʻz maqsadidan qaytmagan va pinhona tarzda ishini davom ettirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyilib, uning Suriya davlatiga ketishining oldi olindi hamda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tuman sudi tomonidan oʻtkazilgan sud jarayonlarida guvohlar va daliliy ashyolar asosida, uning noqonuniy harakatlari oʻz isbotini topdi.

Sud hukmiga koʻra, mazkur shaxs Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.