Mamlakatimizda taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitish, buning uchun esa barcha kerakli shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilishi zarurligi taʼkidlandi.
Joriy yilda maktab taʼlimini xalqaro oʻqitish dasturlari asosida butunlay isloh etish, yangi oʻquv binolari qurish va mavjudlarini oʻquvchilar sonidan kelib chiqqan holda kengaytirish, ayniqsa, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqat bilan taʼminlash amaliyotini kelgusi oʻquv yilidan boshlab joriy etish kabi masalalar ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona yoʻlidir”, deya soha xodimlari oldiga haqqoniy talabni qoʻydi. Bu fikrlardan koʻzlangan maqsad esa yoshlarning sifatli taʼlim olib, barkamol boʻlib ulgʻayishini taʼminlashdir.
Oʻtgan yillarda oliy taʼlim muassasalari 2,5 barobar koʻpayib, ularning soni 198 taga yetdi. Jumladan, Andijon davlat pedagogika instituti tashkil etilganiga ham ikki yil boʻldi. Hozir oliy taʼlim muassasamizda qariyb 6,5 ming talabaga 160 nafardan ziyod professor-oʻqituvchi kasb sirlarini oʻrgatmoqda.
2023-yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilingani olti yil avval Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat va jamiyatni har tomonlama yangilash boʻyicha boshlangan islohotlarning mantiqiy davomidir.
Ayni paytda aholining kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash borasida davlatimiz tomonidan xayrli ishlar qilinmoqda. Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar bilan tanisha turib, Hazrat Navoiyning “El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas” degan misralari xayolimdan oʻtdi. Haqiqatan ham mamlakatning obodligi xalqning roziligi, shodmonligi bilan chambarchas bogʻliq. Bugun yurtimizda qilinayotgan ishlar zamirida ham xalqning koʻngliga yoʻl topish orqali davlatning, yurtning obodligini taʼminlash maqsadi mujassam.
Yoqubjon TOSHPOʻLATOV,
Andijon davlat pedagogika instituti dotsenti,
falsafa fanlari nomzodi