Ko'chat kabi ildiz otib, o'zini tutib ketishi, jamiyatda o'z o'rnini topishi uchun ularga ma'naviy dalda va moddiy ko'mak boshqalardan ko'ra ko'proq zarur.

Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qatlamini dav­lat tomonidan imtiyozli shartlarda uy bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, ayol­lar va yoshlarga, ehtiyojmand oilalarga uy-joy olishda subsidiya ajratish tizi­mi yo'lga qo'yildi. Shu bilan birga, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan va mustaqil hayotga qadam qo'ygan chin yetim­lar ham davlat tomonidan uy-joy bi­lan ta'minlanib, barcha shart-sharoit yaratilmoqda. Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatning ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolari turmush farovonligini oshirib, hayotdan rozi bo'lib yashashiga xizmat qilmoqda.

Yaqinda Yangiyo'l shahridagi Sabo ma­hallasi hududida yangidan barpo etil­gan 7 qavatli uyning 18 xonadoni Meh­ribonlik uylarida tarbiyalanganlarga jihozlangan holda tantanali topshi­rilgani ana shunday ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo'ldi.

Yangi uylarni topshirish marosimida shahar hokimi Farhod Mirzayev, shahar sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uy berilgani to'g'risidagi sertifi­kat va kalitlarni qo'liga olgan kattayu kichikning qalbida hayajon, ko'zlarida quvonch yoshlari qalqidi.

Marosimda so'zga chiqqanlar mamla­katimizda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilayotgani, hech kim o'z muammosi bilan yolg'iz qolmayotganini, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlarga xonadon­larning bepul topshirilayotgani inson qadrini ulug'lash, odamlar turmushi farovonligini oshirish yo'lida olib borilayotgan ishlarning yorqin ifodasi ekanini ta'kidladi.

Shahar hokimi, sektor rahbarlari va nuroniylar yangi xonadonlarga ki­rib, uy egalari bilan suhbatlashdi. Xonadon egalariga ezgu tilaklar bil­dirildi.

— Uzoq yillar ota-onasiz, ularning mehriga zor bo'lib katta bo'ldim, — deydi Nigina Subayeva. — Toshkent shahri­dagi 22-Mehribonlik uyida menga ota-onalardek g'amxo'rlik qilishdi, shu yerda o'qib ta'lim oldim. 2020-yilda mus­taqil hayotga qadam qo'yib, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutiga o'qishga kirdim. O'tgan yili oila qurdim. Shu yili ona bo'lish baxti nasib qildi, o'g'lim dunyoga keldi. Uyimiz bo'lmaga­ni uchun turmush o'rtog'im bilan Yangiyo'l shahrida ijarama-ijara hayot kechirdik. Sabo mahallasidagi ko'p qavatli uydan bir xonali xonadon bepul berilishi haqidagi xushxabarni eshitganimda quvon­chimni ko'rsangiz edi. Quvonchdan ko'zim yoshlandi. Chunki uzoq yillardan buyon o'z uyimiz bo'lishini, o'zgalar kabi to'la-to'kis hayot kechirishni orzu qilardim. Ming shukrki, eng katta orzum amalga oshdi. Davlatimiz rahbari tomonidan biz kabi ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik­dan minnatdormiz. Bizni yolg'iz tash­lab qo'yishmadi. Bu g'amxo'rlikni o'z mehnatim bilan oqlab, yurtimiz rivoji uchun bor bilim va salohiyatimni safarbar etaman.

Mazkur ko'p qavatli uyning har bir xonadonida zamonaviy eshik-romlar, televizor, muzlatkich, gaz plitalar o'r­natilgan. Xonalar to'liq jihozlangan.

Ha, bu hayot ostonasida turgan yosh­larga eng katta sovg'a bo'ldi. O'z bosh­panasiga ega bo'lgach, ularning qalbida umid chirog'i yondi, ertangi kunga ishon­chi oshdi. Yolg'iz emasliklarini, ularga g'amxo'rlik ko'rsatadigan davlatimiz, Prezidentimiz borligini dildan his etishdi. Bu mamnunlik, ko'tarinkilik ularni yurt koriga yaraydigan insonlar bo'lib etishishga, Vatan ravnaqi yo'lida sidqidildan mehnat qilishga undayve­radi.

Shahzod G'afforov,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri