Ko'chat kabi ildiz otib, o'zini tutib ketishi, jamiyatda o'z o'rnini topishi uchun ularga ma'naviy dalda va moddiy ko'mak boshqalardan ko'ra ko'proq zarur.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qatlamini davlat tomonidan imtiyozli shartlarda uy bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, ayollar va yoshlarga, ehtiyojmand oilalarga uy-joy olishda subsidiya ajratish tizimi yo'lga qo'yildi. Shu bilan birga, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan va mustaqil hayotga qadam qo'ygan chin yetimlar ham davlat tomonidan uy-joy bilan ta'minlanib, barcha shart-sharoit yaratilmoqda. Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatning ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolari turmush farovonligini oshirib, hayotdan rozi bo'lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Yaqinda Yangiyo'l shahridagi Sabo mahallasi hududida yangidan barpo etilgan 7 qavatli uyning 18 xonadoni Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlarga jihozlangan holda tantanali topshirilgani ana shunday ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo'ldi.
Yangi uylarni topshirish marosimida shahar hokimi Farhod Mirzayev, shahar sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uy berilgani to'g'risidagi sertifikat va kalitlarni qo'liga olgan kattayu kichikning qalbida hayajon, ko'zlarida quvonch yoshlari qalqidi.
Marosimda so'zga chiqqanlar mamlakatimizda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilayotgani, hech kim o'z muammosi bilan yolg'iz qolmayotganini, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlarga xonadonlarning bepul topshirilayotgani inson qadrini ulug'lash, odamlar turmushi farovonligini oshirish yo'lida olib borilayotgan ishlarning yorqin ifodasi ekanini ta'kidladi.
Shahar hokimi, sektor rahbarlari va nuroniylar yangi xonadonlarga kirib, uy egalari bilan suhbatlashdi. Xonadon egalariga ezgu tilaklar bildirildi.
— Uzoq yillar ota-onasiz, ularning mehriga zor bo'lib katta bo'ldim, — deydi Nigina Subayeva. — Toshkent shahridagi 22-Mehribonlik uyida menga ota-onalardek g'amxo'rlik qilishdi, shu yerda o'qib ta'lim oldim. 2020-yilda mustaqil hayotga qadam qo'yib, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutiga o'qishga kirdim. O'tgan yili oila qurdim. Shu yili ona bo'lish baxti nasib qildi, o'g'lim dunyoga keldi. Uyimiz bo'lmagani uchun turmush o'rtog'im bilan Yangiyo'l shahrida ijarama-ijara hayot kechirdik. Sabo mahallasidagi ko'p qavatli uydan bir xonali xonadon bepul berilishi haqidagi xushxabarni eshitganimda quvonchimni ko'rsangiz edi. Quvonchdan ko'zim yoshlandi. Chunki uzoq yillardan buyon o'z uyimiz bo'lishini, o'zgalar kabi to'la-to'kis hayot kechirishni orzu qilardim. Ming shukrki, eng katta orzum amalga oshdi. Davlatimiz rahbari tomonidan biz kabi ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikdan minnatdormiz. Bizni yolg'iz tashlab qo'yishmadi. Bu g'amxo'rlikni o'z mehnatim bilan oqlab, yurtimiz rivoji uchun bor bilim va salohiyatimni safarbar etaman.
Mazkur ko'p qavatli uyning har bir xonadonida zamonaviy eshik-romlar, televizor, muzlatkich, gaz plitalar o'rnatilgan. Xonalar to'liq jihozlangan.
Ha, bu hayot ostonasida turgan yoshlarga eng katta sovg'a bo'ldi. O'z boshpanasiga ega bo'lgach, ularning qalbida umid chirog'i yondi, ertangi kunga ishonchi oshdi. Yolg'iz emasliklarini, ularga g'amxo'rlik ko'rsatadigan davlatimiz, Prezidentimiz borligini dildan his etishdi. Bu mamnunlik, ko'tarinkilik ularni yurt koriga yaraydigan insonlar bo'lib etishishga, Vatan ravnaqi yo'lida sidqidildan mehnat qilishga undayveradi.
Shahzod G'afforov,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri