Akmal Mustayev uzoq yillardan buyon Koreya Respublikasida mehnat faoliyati bilan shugʻullanib keladi. Oʻz mehnati evaziga ishlab topgan dastlabki sarmoyasi hisobidan Paxtakor tumanida ”Zaynur Zebo” xususiy korxonasini tashkil etib, paypoq ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi.
Bundan tashqari, sarmoyador vatandoshimiz tumandagi boʻsh yotgan 10 gektar yerda dehqonchilik xoʻjaligi tashkil qilib, 8 gektar yerda intensiv gilos va olma koʻchatlarini koʻkartirmoqda.
Akmal Mustayev ayni paytda mazkur mevazorda tomchilab sugʻorishni yoʻlga qoʻyish borasida tayyorgarlik ishlarini olib borayotganligini, qolgan 2 gektar maydonda boshqa dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirishni maqsad qilganini bildirdi.
Vatandoshimiz shu paytga qadar ushbu loyihalar uchun 200 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritganligi va kelgusi olinadigan meva, poliz va sabzavotlarni qayta ishlash va shu orqali mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni qondirishga oʻz hissasini qoʻshishni, qolaversa, eksport faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha rejalari bilan oʻrtoqlashdi.
Bundan tashqari, u oʻz loyihalari doirasida 10 nafar mahalladoshini doimiy ish bilan taʼminladi.