Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov “Barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik: Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqich” mavzusidagi panel sessiyasida maʻruzachi sifatida ishtirok etdi.

Ekspert oʻz maʻruzasida ikki davlat rahbarlari sammitining muhim natijalarini tahlil qildi.

Eldor Aripov Oʻzbekiston Prezidentining davlat tashrifi yuqori samaradorligi haqida gapirar ekan, bir qancha asosiy jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Birinchidan, SMTI direktorining soʻzlariga koʻra Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari yangi davrda barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani tashrifning muhim voqeasi boʻldi.

“Oʻtgan vaqt ichida biz juda uzoq yoʻlni bosib oʻtdik. Biz ikki tomonlama hamkorlik uchun uch yuzga yaqin hujjatdan iborat juda mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosni shakllantirdik”, — deya xulosa qildi ekspert.

Bundan tashqari, uning fikricha, hukumatlararo, parlamentlararo va idoralararo darajada faol siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilgan.

Qoʻshma bayonotning qabul qilinishi bilan munosabatlar shu qadar yuqori siyosiy ishonch darajasiga koʻtarildiki, ular xalqaro vaziyat dinamikasidan qatʻi nazar, barqaror boʻlib qoladi.

Ikkinchidan, ikki davlat rahbarlarining sammiti Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari oʻzaro manfaatdorlik tamoyiliga asoslanishini tasdiqladi.

Eldor Aripov taʻkidlaganidek, “Bizning kun tartibimiz har qanday geosiyosiy vaziyatdan tashqarida boʻlib, sof pragmatik kontekstga ega”.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari boʻyicha erishilgan barcha kelishuv va shartnomalar aniq natijalarni koʻzlab, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan. Xususan, ushbu hujjatlarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importini kengaytirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, kambagʻallikni qisqartirish sohasida kadrlar tayyorlash va boshqa koʻplab masalalar koʻzda tutilgan.

Shu nuqtayi nazardan, ular asosan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi Oʻzbekiston qurilishi doirasida olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Uchinchidan, tashrif ikki davlat oʻrtasida tamoman yangi yoʻnalishlarda hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini koʻrsatdi.

Shu tariqa, oliy darajadagi muzokaralar natijasida elektron tijorat sohasida hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Eldor Aripovning soʻzlariga koʻra, 2022-yilda Xitoyda onlayn savdolar hajmi qariyb 2 trln. dollarni tashkil etdi. Bu bozorni ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan oʻzlashtirilishi ularga Xitoy bozorini egallashda ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bu Oʻzbekiston iqtisodiyotining koʻplab tarmoqlarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishi, SMTI direktorining soʻzlariga koʻra, elektromobillar sohasidagi hamkorlikdir.

Oʻzbekistonda oxirgi uch yil ichida ushbu transport vositalari sotuvi 10 barobar oshdi. Xitoyning jami avtomobil importidagi ulushi 36 foizdan 80 foizga oshdi.

Davlat tashrifi chogʻida Shavkat Mirziyoyev va BYD rahbari hamkorlikda Jizzax viloyatida elektromobillar va gibrid avtomobillarni yigʻish loyihasini ishga tushirgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Shunisi eʻtiborga loyiqki, bu BYD kompaniyasining Xitoydan tashqaridagi birinchi qoʻshma qoʻshma korxonasi boʻladi.

Toʻrtinchidan, Urumchi shahrida boʻlib oʻtgan mintaqalararo forum yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Xitoy hududlari kengashi tuzildi.

Eldor Aripovning soʻzlariga koʻra, “bu mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni forumdan forumga emas, balki doimiy ravishda saqlab qolish imkonini beradigan juda muhim qadamdir.

“Ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar, mohiyatan barcha sohalardagi hamkorlikni amalga oshirishni taʼminlaydigan mustahkam bogʻlovchi mexanizmlar vazifasini oʻtaydi”, - deya xulosa qildi ekspert.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi bilan birgalikda SMTI va ikki davlat savdo-sanoat palatalari hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Oʻzbekiston va Xitoyning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, ekspertlari hamda mamlakatimizdagi Xitoy kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.