“RomaPress” nashri “Roma” hamda Oʻzbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov yozgi transfer vaqtida jamoasini oʻzgartirishi mumkin, deb xabar tarqatdi. Unda aytilishicha, Eldorga “Fiorentina” qiziqish bildirmoqda.
Ushbu klub rahbariyati oʻzbekistonlik hujumchini taklif etish imkoniyatlarini oʻrganib, hujumchi masalasida Rim klubiga murojaat qilgan. Bu haqda Il Messaggero va Calciomercato nashrlari ham xabar bergan.
“Klub bosh murabbiyi Vinchenso Italyano jamoasi hujum chizigʻini kuchaytirishni istamoqda va bu borada “Jenoa”ning sobiq forvardini koʻz ostiga olgan koʻrinadi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, E. Shomurodov keyingi mavsumda ham “Roma”da qolishi taxmin qilingandi. Ammo bizning nazarimizda “Fiorentino”ga oʻtish Eldor uchun ham muhimroq. Chunki u oʻtgan mavsumda 28 oʻyinda maydonga tushib, 3ta gol va 4ta assistga mualliflik qilgan boʻlsa-da, koʻp vaqtini zahirada oʻtkazdi. Bu esa unga oʻz imkoniyalarini namoyish qilishga xalaqit beryapti.