Ular Eldor Italiyaning eng kuchli jamoalaridan biri – “Roma”ga oʻtishi yoki oʻtmasligini muhokama qilyapti. Soʻnggi xabarlarga qaraganda, bu masala hal boʻlish arafasida.

Jurnalist Janluka Di Marsioning yozishicha, tomonlar transfer masalasini toʻliq hal qilishgan. “Roma” oʻzbekistonlik futbolchini 17,5 million yevroga sotib olish huquqi bilan ijaraga oladi. Bu qiymat bonuslar hisobiga 20 million yevroga yetishi ham mumkin. Shuningdek, Genuya shahri klubi Eldorning keyingi transferidan 10 foiz ulush ham oladi.

Xabarda aytilishicha, E. Shomurodov dushanba kuni Rimga uchib boradi va shartnoma imzolaydi.

Xullas, transfer masalasi toʻliq hal boʻlganini bilish uchun dushanbani kutamiz.

Birovning choʻntagidagi pulni hisoblash yaxshi emas, albatta. Ammo hujumchimizning yangi klubga oʻtishi toʻla hal etilmagan boʻlsa-da, uning “Roma”da qancha maosh olishi ham muhokama mavzusiga aylandi. Rossiyaning “Match TV” telekanali xabariga koʻra, Eldor Shomurodov Rim jamoasida yiliga 2 million yevro maosh oladi. Uning “Jenoa”dagi maoshi 1,3 million yevro edi.