Keyingi paytlarda Oʻzbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning “Roma”dagi faoliyati haqida juda koʻp gaplar boʻlyapti. Chunki Eldor asosan zaxira oʻrindigʻida qolib ketyapti. Bu esa, istaysizmi yoʻqmi, futbolchiga ruhiy taʼsir qiladi. Bundan tashqari, uzoq vaqt zaxiradan oʻtirish oxir oqibat hujumchining oʻyin amaliyotiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Xoʻsh, bunday holatda nima qilish kerak. Albatta, agar imkoni boʻlsa, jamoani almashtirish lozim va bizningcha bu eng toʻgʻri yoʻl boʻladi.

Italiyaning Tuttosport nashrining xabariga ishonadigan boʻlsak, “A” seriya vakili «Torino» 27 yoshli oʻzbekistonlik forvardni yanvar oyida oʻz safiga qoʻshib olmoqchi. Klub bosh murabbiyi Ivan Yurich jamoasining hujum chizigʻidagi muammolarni Shomurodov yordamida bartaraf etmoqchi.

Qayd etilishicha, Turin klubi rahbariyati va Shomurodovning vakillari oʻrtasida muzokara allaqachon boshlangan. Aslida «Torino» yozgi transfer oynasida ham Eldorni oʻz tarkibiga qoʻshib olishga harakat qilgandi.

Ayni paytda «Torino» “A” seriyada 10-turdan keyin 11 ochko bilan 11-oʻrinda bormoqda.