Poytaxtimizda “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Moliya vazirligi xodimlari hamda Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, loyihada tadbirkorlik subyektlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan normalar oʻz aksini topmoqda. Qonun loyihasi bilan elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yigʻim toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining oʻziga xos “oʻsish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga 2024-yil 1-yanvarga qadar foyda va suv soliqlari boʻyicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda. Tadbirkorlar berilgan imtiyozlardan oqilona foydalangan taqdirda soliqlardan iqtisod qilingan mablagʻ hisobidan faoliyatini yana-da kengaytirish imkoniyati yaratiladi.

Davra suhbatida qonunchilik texnikasidan kelib chiqib loyihaga bir qator tuzatish va oʻzgartirishlar kiritildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.