Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan Elektr taʼminoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, tabiiy resurs tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etildi.
Xususan, Departamentning Qibray tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, "G.S.» MCHJ rahbari J.N. va boshqalar «Yuqori yuz» MFY hududida koʻp qavatli uylarni isitish uchun moʻljallangan qozonxonani qurishda 533,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Zafarobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.» MCHJ rahbari A.Z. va boshqalar elektr energiyasi toʻlovlaridan 259,2 mln soʻmlik qarzdorligi mavjud boʻlishiga qaramasdan, tosh maydalash uskunalarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, 441,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Zomin tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.-I.» fermer xoʻjaligi rahbari M.A. va boshqalar fermer xoʻjalikka qarashli yer maydonlarini sugʻorish uchun suv nasosini soxta hujjatlar orqali umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, 342,9 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Gʻallaorol tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “F.-T.» xususiy korxonasi rahbari Sh.K. va boshqalar ushbu korxona gʻisht zavodida 400 kVt/s quvvatga ega transformatorni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, 131,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Yangiyer shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, shahar qurilish boʻlimi masʼul shaxslari va boshqalar qurilish boʻlimiga qarashli maʼmuriy binoni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, 73,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Ushbu qonun buzilish holatlari oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga jami 711 mln soʻm zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.