Elektr energiyasi toʻlovi bilan bogʻliq hisob-kitob qanday ishlashi tushuntirildi

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda isteʼmolchi tomonidan hisob-kitob davrida amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori va toʻloviga oid turli savollar koʻpaygan.

    Xususan, bloger Shuhrat Kurbanov oʻz sahifasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) tomonidan joriy yilning 5-iyul holatiga oʻtgan oy uchun hisoblangan 198 kVt•soat elektr energiyasi notoʻgʻri hisob-kitob qilinganligi haqida post qoldirgan.

    Boshqa isteʼmolchilar tomonidan ham shunga oʻxshash fikrlar bildirilgan. Xususan, aksariyat holatda isteʼmolchilar oʻz hisob raqamlarini tekshirganda belgilangan ijtimoiy norma, yaʼni 200 kVt•soat isteʼmol qilinmagan boʻlsada, isteʼmolning maʼlum qismi yuqori – 900 soʻmlik tarifda hisoblanganligi boʻyicha eʼtirozlar bildirishgan.

    “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur holat boʻyicha quydagilarni maʼlum qiladi:

    Xabaringiz bor, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) isteʼmolchilarga oʻrnatilgan hisoblagichlar orqali kun yakuni bilan, yaʼni soat 00:00 da isteʼmol qilingan koʻrsatkichlarni tizimga yuboradi, oʻz navbatida, billing tizimi hisoblagich koʻrsatkichlarini sutka davomida isteʼmolchilarning hisob raqamiga yozib olib, hisob-kitoblarni amalga oshiradi.

    Keling, ushbu holatni bir oylik elektr energiya isteʼmoli hisob-kitobi misolida koʻrib chiqamiz:

    Isteʼmolichida 01.06.2024-yil sanasiga hisoblagich koʻrsatkichi 12 440 kVt•soat va 30.06.2024 sanasiga 12 750 kVt•soat. Ushbu holatda 12 750 – 12 440 = 310 kVt•soat = 200*450 + 110*900 = 189 000 soʻm.

    Mazkur holatda koʻrsatkichlar orasidagi kunlar soni 29 sutkaga teng.

    Bunda oyning oxirgi kuni – 30-iyun sutkasidagi isteʼmol kunining yakuni, yaʼni 01.07.2024-yil soat 00:00 sanasida yozib olinadi.

    Yangi oy boshlanganligi sababli oʻtgan oyning oxirgi kunidagi bir kunlik isteʼmol yangi oyga qoʻshiladi va oʻtgan oyda isteʼmol 200 kVt•soatdan oshganligi sababli keyingi 900 soʻmlik narxdan hisoblab koʻrsatiladi.

    Shunda iyul oyi uchun amalga oshirilgan hisob-kitoblar quyidagicha aks ettiriladi:

    05.07.2024-y. sanasida isteʼmolchi 40 kVt•soat isteʼmol qilgan boʻlsa va 30.06.2024-yil sanadagi bir kunlik isteʼmol 10 kVt•soat boʻlganda 10*900 + 40*450= 27 000 soʻm.

    Shu oʻrinda isteʼmolchilarga mazkur tizimda barcha funksiyalar raqamlashtirilganligi hamda inson omili ishtirok etmasligini eslatgan holda, hisoblagichlardagi har bir koʻrsatkichlar aniqlik bilan hisob-kitob qilinishini taʼkidlab oʻtmoqchimiz.