Elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan shaxslarga chora koʻrildi

    Buxoro tumanida 3,9 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xoʻjaliklari aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Buxoro tuman boʻlimi, "Oʻzenergoinspeksiya" hududiy boshqarmasi va tuman ETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida "B." MFY hududida faoliyat yurituvchi fermer xoʻjaliklari masʼul shaxslari quvvati 55 kVt boʻlgan suv nasosini tijorat maqsadida elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan yashirincha ulab, 3,9 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.