Elektr energiyasiga noqonuniy ulangan suv nasoslari aniqlandi

    Bosh prokuratura tomonidan hududlarda dehqon xoʻjaliklarini suv nasoslari bilan sugʻorishda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha nazorat tadbirlari oʻtkazilib, noqonuniy ulanishlar fosh etildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

    Oʻtkazilgan Nazorat tadbirlarida shu yilning oʻtgan davrida fermer va dehqon xoʻjaliklarini sugʻorishda suv nasoslaridan foydalanishda 240 ta holatda 27,9 mlrd. soʻmlik 30,8 mln. kVt soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Nukus tumanidagi "B.Т." fermer xoʻjaligi rahbari А.А. xoʻjalikka tegishli elektr hisoblagichning sxemalariga tashqi taʼsir koʻrsatib, 1 mlrd. 684 mln. soʻmlik 1 mln. 871 ming kVt. soat elektr energiyasini oʻgʻirlagan.

    Shuningdek, Qiziriq tumanidagi "S.H." fermer xoʻjaligi rahbari А.I. "S.C.T.C." MChJ va tuman elektr taʼminoti korxonasi mansabdorlari bilan til biriktirib, suv nasosini oʻzboshimchalik tarmoqqa ulab 476,2 mln. soʻmlik 529,1 ming kVt. soat elektr energiyasini oʻgʻirlagan.

    Aniqlangan holatlar yuzasidan JKning 169-moddasi, 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlandi.

    Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.