Elektr energiyasiz qolgan 60 foiz isteʼmolchi tarmoqqa qayta ulandi

    Energetika 22 Yanvar 2021 1893

    AOKAda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Jahongir Obidjonov ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda elektr energiyasidagi uzilishlar bilan bogʻliq holatga izoh berildi.

    Kecha boshlangan va ayni paytda davom etishi kuzatilayotgan kuchli shamol, qor boʻroni oqibatida havo elektr tarmoqlari hamda trasformator punktlariga yetkazilgan shikast natijasida, respublika boʻyicha, 110 kV kuchlanishli 7 dona havo liniyalarida va 6-10 kV kuchlanishli 476 dona havo liniyalarida uzilishlar vujudga kelgan. Tezkor maʼlumotlarga koʻra, elektr energiyasidagi uzilishlar natijasida 550.100 isteʼmolchilar elektr energiyasisiz qolgan.

    Tarmoqlarda sodir boʻladigan avariyaviy oʻchishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida avvaldan hududlarda jami 481 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadalari, ularga 378 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinalari, maxsus texnikalar hamda rahbar hodimlardan iborat navbatchilik tashkil etilgan boʻlib, sodir boʻlgan avariyaviy holatlar tunu-kun tashkil etilgan navbatchi brigadalar tomonidan texnika xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilib, barcha avariyaviy oʻchgan 110-35 kV kuchlanishli tarmoqlar hamda 247 dona 6-10 kV kuchlanishli liniyalar tarmoqqa qayta ulandi.

    Ayni vaqtda isteʼmolchilarni bosqichma-bosqich tarmoqqa qayta ulash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, elektr energiyasiz qolgan 350.200 dan ortiq yoki deyarli 60 foizi qayta tarmoqqa ulanishi taʼminlandi.

    Hozirda respublika boʻyicha 6-10 kV kuchlanishli 229 dona havo liniyalarda uzilishlar mavjud boʻlib, ushbu vujudga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari”ning tizim korxonalari xodimlari tomonidan tunu kun taʼmirlash-tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

    Avariyaviy holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy korxonalarda 395 dona tarmoq transformatorlar, 191,8 tonna transformator moyi, 947 dona tayanchlar, 53,9 tonna turli oʻlchamdagi sim, 41,5 kilometr kabel mahsulotlari hamda 638 dona kabel muftalaridan iborat zaxira yaratildi. Mazkur tezkor brigadalar aloqa vositilari va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlangan.

    “Oʻzgidromet” maʼlumotiga koʻra, bunday noqulay ob-havo sharoiti ayrim hududlarda bugun ham davom etishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ aholini elektr energiyasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan uzilishlardan ogohlantiradi.