Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi boʻlinmalari respublikamiz hududlarida kuchaytirilgan xizmat tartibiga oʻtkazildi va joylarda qoʻshimcha ravishda Tezkor harakatlanuvchi guruhlar hamda piyoda patrullik yoʻnalishlari tashkil etildi.

Natijada 25-yanvar kuni tungi soat 20:10 lar atrofida Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani qoʻriqlash boʻlimi xodimlari yoʻnalish boʻylab xizmat olib borayotgan vaqtida nomaʼlum shaxs Yangiyoʻl tumani Samarqand koʻchasida joylashgan “Davr bank” Olmazor filialiga qarashli bankomatni ochishga urinayotganligi aniqlashdi va tezkor harakatlanuvchi guruh chaqirtirildi.

Xodimlar tomonidan koʻrilgan tezkor chora-tadbir natijasida nomaʼlum shaxs voqea joyida ushlanib, oʻrnatilgan tartibda Yangiyoʻl tumani IIO FMBga topshirilgan.

Dastlabki surishtiruv ishlari natijasida ushbu shaxs Yangiyoʻl tumanida tugʻilgan 22 yoshli fuqaro I.D. ekani aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan Yangiyoʻl tumani IIO FMB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deya xabar beradi Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi matbuot xizmati.