Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Gʻallaorol tuman boʻlimi tomonidan tuman elektr taʼminoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Q.O.” XK masʼul shaxslari korxona omborxonasida aholi uchun oʻtkazilgan elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, mayda beton chiqaradigan qoʻlbola uskunalarni oʻrnatib 369,8 ming kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 166,4 mln soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Kattaqoʻrgʻon shahar boʻlimi tomonidan “Qoradaryo” elektr taʼminoti korxonasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.Q.” xususiy korxonasi rahbari K.S. “Kumushkent” MFYdagi yer maydoniga oʻrnatilgan quvvati 75 kVt boʻlgan suv nasosini yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulab, 327,6 ming kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 147,4 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.
Departamentning Quva tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.I. davlat roʻyxatidan oʻtmasdan “Xonobod” MFYda joylashgan toʻyxonani elektr taʼminotiga oʻzboshimchalik bilan ulab, 106 ming kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 47,3 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.