DXXning xabar berishicha, Namangan viloyati Kosonsoy tumani elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi tadbirkorning ishonchiga kirib, unga tegishli MCHJ binosiga oʻrnatilgan quvvati 50 kVt boʻlgan quyosh paneli va boshqa bajarilgan ishlar uchun texnik shart hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 17 mln soʻm olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi “Uzuntumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimi fuqaroga tegishli gaz hisoblagich nosozligi tufayli yuzaga kelgan 23 mln soʻm qarzdorlikni soʻndirib berish va bu haqda dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 5 mln soʻmni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida qoʻlga olingan. Tekshiruvlar davomida ushbu gʻayriqonuniy ishga uning 1988-yilda tugʻilgan hamkasbi ham aloqador ekani aniqlangan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.