Elektron gaz hisoblagich qarzdorlik sabab oʻchib qolganda...

    Energetika 4 Avgust 2021 47581

    “Hududgaztaʼminot” AJ qarzdorlik sabab oʻchib qolgan elektron gaz hisoblagichni qayta gaz tarmogʻiga ulash boʻyicha isteʼmolchilar uchun quyidagi mazmunda tushuncha beradi.

    “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan bugungi kunga qadar respublika miqyosida 1,5 milliondan ziyod tabiiy gaz isteʼmolchilari xonadoniga elektron gaz hisoblagichlar oʻrnatilib, “BillingGaz” tizimiga ulanishi natijasida, tabiiy gaz yetkazib berish hamda hisob-kitob qilish jarayonida inson omili taʼsiri toʻxtatildi.

    Isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorligi boʻlgan isteʼmolchilarga tarmoqdan avtomatik tarzda oʻchirilishlaridan avval, gaz hisoblagich oʻrnatilayotgan vaqtda isteʼmolchi tomonidan taqdim etilgan telefon raqamiga ogohlantirish SMS-xabarnomalar yuborilyapti.

    Xabarnomadan soʻng, faqat toʻlovlarni amalga oshirmagan va qarzdorligi mavjud boʻlgan isteʼmolchilarning gaz taʼminoti avtomatik tarzda toʻxtatiladi!

    “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilarning talab hamda takliflarini inobatga olib, qarzdorlik sababli oʻchirilgan xonadonlarning hisoblagichlarini qayta yoqish jarayonini yana-da soddalashtirdi.

    Endi, oʻchirilgan gaz hisoblagichlarni qayta yoqish jarayoni mobaynida isteʼmolchining mobil aloqa vositalariga emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri xonadonlariga oʻrnatilgan hisoblagichlardagi sim-kartaga yuborilgan holda hisobdonning old qismidagi ENTER tugmasini 3 marotaba bosish orqali klapan ochilish imkoniyati yaratildi.


    Toʻlov amalga oshirilgandan soʻng isteʼmolchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida, hisoblagich tomonidan gaz sizib chiqish yoki chiqmaslik holatini tekshirish uchun 6-10 daqiqalik test rejimi ishga tushadi. Shu vaqt oraligʻida xonadondagi mavjud barcha gaz jihozlarining kranlari yopiq holatda boʻlishi shart. Agar, ushbu talab amalga oshirilmay, test rejimini kutmasdan, gazdan foydalanish boshlab yuborilsa, isteʼmolchi haqdor boʻlsa ham hisoblagich takroriy ravishda klapanni yopadi. Bu holat 3-marta takrorlangandan soʻng, hisoblagich avtomatik bloklanadi va endi isteʼmolchi tuman/shahar gaz taʼminoti boʻlimlariga yoki “Call-centre”ning 1104 raqamiga qoʻngʻiroq qilishi tavsiya etiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Hududgaztaʼminot” AJ maʼlumotiga tayanib.

    Shuningdek ,xabar orqali isteʼmolchi uchun zarur boʻlgan quyidagi yoʻriqnoma taqdim etilgan:

    Qarzdorlik sabab oʻchib qolgan EGHUni qayta gaz tarmogʻiga ulash boʻyicha qisqa yoʻriqnoma!

    1) Isteʼmolchiga qarzdorlik haqida SMS xabarnoma keladi.

    2) Toʻlov amalga oshiriladi (bunda isteʼmolchi balansida ortiqcha summa boʻlishi kerak).

    3) Istalgan tugmani bosib displey yoqiladi.

    4) ENTER tugmasi bosilganda markaz bilan aloqa ((|)) oʻrnatiladi.

    5) Displeyda “ULANISH” soʻzi paydo boʻladi va ENTER tugmasini bosish orqali keyingi amaliyotga oʻtiladi.

    6) Displeyda “OCHISH” soʻz chiqib, ENTER tugmasini bosish orqali hisoblagich klapani ochiladi.

    YODDA SAQLANG!