Maʼlumot uchun: Mamlakatlar elektron hukumatlarini tadqiq etish BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti tomonidan 2001-yilda boshlangan. Bu kuzatuvlardan maqsad Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi (EHTI) yordamida BMTga aʼzo mamlakatlarda elektron hukumat borasidagi rivojlanishlarni kuzatib borishdir.
Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi — elektron hukumat nuqtayi nazaridan tasniflash vositasidir. Indeks onlayn xizmatlar qamrovi va soni, telekommunikatsiyalar infratuzilmasi holati va inson salohiyati kabi uch asosga qurilgan.
EGDI indeksi har ikki yilda yangilab boriladi.
Grafikadan koʻrinib turibdiki, top-10 ga kirgan mamlakatlar iqtisodiyoti yuqori taraqqiy etgan va asosan Yevropa mamlakatlari. Soʻnggi uch reyting solishtirilganda, birinchi navbatda koʻzga tashlanadigani, oxirgi yillarda yetakchi boʻlib kelgan Buyuk Britaniya va Daniya oʻzaro oʻrin almashishi. Bu jarayon Britaniya elektron hukumatni rivojlantirishda oqsashni boshlaganini emas, balki Daniya oʻta yuqori tezlikda rivojlanayotganini koʻrsatadi. Chunki Buyuk Britaniya 2016-yilda 0,92 koʻrsatkich bilan 1-oʻrinda edi, 2020-yilda indeksi 0,94 gacha oʻsganiga qaramay, Qoʻshma Qirollik BMT reytingida 7-oʻringa tushib ketdi. Indeks oʻsishiga qaramay, Avstraliya va Singapurdagi pasayishlar yoki Yangi Zelandiyaning bir joyda “qotib qolishi”ga ham sabab shu.
Umuman olganda, reytingda yildan-yilga indekslar oʻsishi kuzatilmoqda: 0,92 koʻrsatkich 2016-yilda 1-oʻrin uchun yetarli boʻlgan boʻlsa, 2020-yilda top-10 ga kirish uchun yetgan, xolos. Yildan-yilga shunday davom etadi. Mamlakatlar faqatgina yuqori rivojlanish hisobiga reytingda yuqorilashga umid qilishlari mumkin.
Shuning uchun ham katta oʻnlikda Estoniyaning borligi tasodif emas, zero, Boltiqboʻyi mamlakati elektron hukumatni jiddiy rivojlantirishni boshlaganidan beri ancha yoʻl bosib qoʻydi. Estoniya elektron hukumati xalqaro reytingda 2016-yili — 13-oʻrinda, 2018-yili — 16-oʻrinda edi. 2020-yilgi katta sakrash kichik mamlakatni bir yoʻla yetakchi oʻnlikning eng yuqori pogʻonalaridan biriga olib chiqdi.








