Portalda yuk tashuvchilar oʻrtasida sof raqobat muhiti shakllanishi natijasida birja tovari xaridorlarining 241,9 mln. soʻm mablagʻlari iqtisod qilindi. Yaʼni shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkazilgan savdolar natijasida yuk tashish uchun shakllangan oʻrtacha narxlar ularning boshlangʻich narxiga nisbatan 6,3 foizga pasaygan.

Yuk tashish boʻyicha eng koʻp buyurtmalar mineral oʻgʻitlar, omuxta yem, va polivinilxlorid kabi mahsulotlar boʻyicha berilgan boʻlib, jami 113 ming tonna mahsulot xaridorlarga yetkazilgan. Oʻz oʻrnida yuk tashuvchi transportlar tomonidan 500 ming kilometr yoʻl bosib oʻtilgan.

Logistika portalida eng yirik bitimlar Toshkent shahri (730 mln. soʻm), Fargʻona (548,8 mln. soʻm) va Buxoro (531,1 mln. soʻm) viloyatlarida tuzilgan.

Ayni paytda birjaning logistika portalida jami 2 041 ta yuk tashuvchi korxonalar, 2 145 ta buyurtmachi va 7 953 ta avtotransport vositalari roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi qaroriga muvofiq, monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.