Ushbu toʻlov vositasini qoʻllagan holda yuz minglab tranzaksiyalar amalga oshirildi. Buxgalter.uz MBning toʻlov tizimlari boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jahongir QAYUMOVdan u qanday ishlashi, xususiy tadbirkorlar va yuridik shaxslar biznesida elektron pullarni qanday qoʻllash mumkinligi haqida maʼlumot oldi:
– «Elektron pullarni koʻpincha kriptovalyuta bilan chalkashtiradilar. Aslida u faqat elektron tizimda muomalada boʻladigan soʻmning ekvivalentidir.
Oʻzbekistonda elektron pullar uchun normativ-huquqiy baza 2019-yil noyabr oyida – “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinishi bilan shakllana boshladi. Bugun ular vositasida tovarlar va xizmatlar haqini bemalol toʻlash mumkin. Yagona sharti: sotuvchida – elektron hamyon, xaridorda esa elektron hamyon va elektron pul toʻlovlari uchun maxsus ilova boʻlishi kerak.
Xaridor jismoniy shaxslar uchun elektron pullar qulay:
|
Bank kartalari |
Elektron pullar |
|
Bank hisobvaragʻini ochish talab etiladi |
Xaridor jismoniy shaxs elektron hamyonni uyali aloqa telefoni raqamiga ochishi mumkin |
|
Operatsiyalarni amalga oshirayotganda bank karta hisobvaragʻiga murojaat qilish talab etiladi |
Toʻgʻridan-toʻgʻri elektron hamyon orqali muomala qilinadi (tegishli bank vositachilik haqi ushlab qolinmaydi, xarajatlar kamayadi) |
|
Tijorat banklari bank kartalarini ochayotganda mijozni identifikatsiya qilishlari kerak |
Elektron hamyon egasi identifikatsiya qilinishi yoki identifikatsiya qilinmasligi mumkin. Identifikatsiya qilingan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng koʻp summasi 100 BHMga teng boʻlgan summadan oshmasligi kerak. Identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng koʻp summasi 1 BHMga teng boʻlgan summadan oshmasligi kerak. Identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxsning bitta elektron hamyonida (qurilmasida) saqlanadigan elektron pullarning eng koʻp summasi 5 BHMga teng boʻlgan summadan oshmasligi kerak |
– Tadbirkorlik subyekti – korxona yoki YATT tovarlar va xizmatlar haqini elektron pulda olish uchun qanday tayyorgarlik koʻrishi kerak?
– Buning uchun elektron pullar emitenti yoxud elektron pullar tizimining ishtirokchisi boʻlgan boshqa bank bilan shartnoma tuzish lozim. Ushbu shartnoma asosida tadbirkorlik subyektiga maxsus elektron hamyon ochiladi.
Tabiiyki, toʻlovni elektron pullar bilan qabul qilayotganingizni boʻlgʻusi mijozlar eʼtiboriga yetkazishingiz lozim.
⚡️ Diqqat!
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning elektron hamyonlaridan faqat realizatsiya qilingan tovar, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat uchun toʻlovlarni qabul qilish maqsadida foydalaniladi.
Elektron pullar kelib tushgan kun davomida, agar tadbirkorlik subyekti va elektron pullar emitenti oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, emitent elektron pullarni naqd pulsiz shakldagi soʻmga aylantirish orqali ularni “qoplaydi”. Ushbu operatsiya natijasida xoʻjalik yurituvchi subyekt (YATT yoki yuridik shaxs) hisobvaragʻiga elektron pullarning nominal qiymatiga teng boʻlgan milliy valyutadagi summa kelib tushadi».
Oleg GAYEVOY tayyorladi.