Hujjatga muvofiq, yuridik shaxsning ERIsi bilan tasdiqlangan elektron hujjat, quyidagi barcha shartlar mavjud boʻlganda qogʻoz shakldagi yuridik shaxsning muhri bilan tasdiqlangan hujjatga tenglashtiriladi:
- Elektron raqamli imzo haqiqiyligi tasdiqlanganda;
- Elektron raqamli imzo kaliti sertifikati ERIning haqiqiyligi tasdiqlangan paytda yoki elektron hujjat imzolangan (hujjatni imzolangan vaqtini aniqlash imkoni boʻlganda) amalda boʻlganda;
- ERI uning kaliti sertifikatida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanilganda.
ERIdan foydalanish sohasida Vazirlar Mahkamasining vakolatlari belgilanmoqda:
- ushbu sohada yagona siyosatning amalga oshirilishini taʼminlash;
- davlat dasturlarini tasdiqlash;
- tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
- Oʻzbekistonning konsullik muassasalari, shuningdek diplomatik vakolatxonalarining konsullik boʻlimlari orqali ERI kalitlarini berish tartibini belgilash;
- “Ishonchli uchinchi taraf xizmati” faoliyati tartibini belgilash.
AKT vazirligining vakolatlari kengaymoqda:
- ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazlari faoliyatini nazorat qilish va kamchiliklar aniqlanganda ularni bartaraf etish boʻyicha taqdimnomalar kiritish;
- “Ishonchli uchinchi taraf xizmati” faoliyatini tashkil etish.
ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazlariga qoʻyiladigan talablar, ularni akkreditatsiya qilish, guvohnoma berish, akkreditatsiyadan oʻtkazishni rad etish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, bekor qilish, markazlarni tugatish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilovchi normalar aks ettirilmoqda.
Maʼlumot uchun: ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazlari – ERIdan foydalanish sohasida faoliyat yurituvchi, akkreditatsiyadan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs.
ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazlarining “bulutli texnologiyalarida” (ishonchli saqlash tizimida) ERI kalitlaridan foydalanish kamida ikki omilli autentifikatsiya qilish tartib-taomilidan foydalanilgan holda amalga oshiriladi
Shuningdek, tarqatilishi cheklangan elektron hujjatlar uchun ERI kalitiga qoʻshimcha talablar qoʻyilishi mumkinligi belgilangan.
ERI kalitini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishning muddati belgilanmoqda (1 ish kuni).
ERI kalitini roʻyxatdan oʻtkazish va olish uchun:
- jismoniy shaxslardan – shaxsini tasdiqlovchi hujjat, JSHSHR va ERI kalitidan foydalanish maqsadi koʻrsatilishi lozim;
- yuridik shaxslardan – STIR, yuridik shaxs ERI kalitini oluvchi shaxs koʻrsatilgan ishonchnoma, ishonchnomada koʻrsatilgan xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ERI kalitidan foydalanish maqsadi koʻrsatilishi lozim.
Roʻyxatga olish markazlaridan jismoniy va yuridik shaxslardan ERI kalitlarini olish maqsadiga oid boʻlmagan maʼlumotlarni taqdim etishni talab etish taqiqlanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar bir nechta ERI kalitlariga ega boʻlishlari mumkin.
ERI kalitining sertifikatini amal qilish muddati roʻyxatdan oʻtkazilgandan boshlab 24 oy amal qiladi. Sertifikat amal qilish muddati ikki marotabadan ziyod uzaytirilishi mumkin emas.
ERI kaliti egasi – yuridik shaxs rahbari boshqa majburiyatlar qatorida shuningdek:
- yuridik shaxs qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda bu haqda roʻyxatga olish markaziga xabar berishi;
- u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor boʻlganda ERI kalitini topshirishi shart.
Yuridik shaxsning yangi tayinlangan rahbari yuridik shaxsga tegishli boʻlgan elektron raqamli imzoning kalitini belgilangan tartibda (“bulutli texnologiyalardan” foydalanilganda autentifikatsiya qilish omillarini almashtirish majburiyati bilan) qabul qilib oladi.
Qonun bilan ishonchli uchinchi taraf xizmati – axborot va elektron hujjatlarni almashish chogʻida ishonchni taʼminlash maqsadida elektron hujjatdagi ERIning unga imzo qoʻygan shaxsga tegishliligini tekshirishga doir faoliyatining tartibi belgilanmoqda.
Ishonchli uchinchi taraf xizmatining vazifalarini amalga oshiradigan shaxs AKT vazirligi tomonidan tayinlanadi hamda idoralararo va transchegaraviy axborot hamkorligi jarayonida elektron hujjatlarning daxlsizligi hamda ishonchliligini saqlash kafolatlarini vaqtning muayyan paytida taʼminlash boʻyicha axborot vositachisi sifatida ish yuritadi, shuningdek ularning yuridik kuchga ega ekanligini tasdiqlaydi.
Chet davlatlarning ERI kalitlarining sertifikatlari Oʻzbekistonda ikki hil yoʻl bilan tan olinadi:
- xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda;
- Ishonchli uchinchi taraf xizmati tomonidan haqiqiylikni tasdiqlash yoʻli bilan.