Birinchi usuli, ijara.soliq.uz sayti orqali. Bunda ijaraga beruvchi saytdan “Talabalar ijarasi” boʻlimini tanlab “Ijaraga oluvchi talaba toʻgʻrisida maʼlumot” oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JSHSHIRni kiritganda uning maʼlumotlari (F.I.O, taʼlim olayotgan oʻquv yurti, fakulteti, taʼlim shakli va bosqichi, shuningdek doimiy roʻyxatga olingan manzili) avtomatik shakllanadi.
Keyingi jarayonda “Qoʻshish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi.
Soʻngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.
Ikkinchisi, “Soliq” mobil ilovasi orqali. Ilovaning “Ijaraga berish” undan soʻng “Talabalar uchun ijara shartnoma” boʻlimi orqali talabalar bilan tuzilgan koʻchmas mulk ijara shartnomalari hisobga qoʻyiladi.
Ilovaga ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning maʼlumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar Face ID yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritish orqali ijara shartnomasini tasdiqlanishi mumkin.
Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qoʻyilganda ushbu maʼlumotlar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berishda oliy oʻquv yurtlariga qulaylik yaratadi.
Eslatib oʻtamiz, soliq toʻlovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olgan daromadlari soliqdan ozod etilgan. (Soliq kodeksi, 378-modda).
Turar joylarni ijaraga oluvchi talabalarda soliq majburiyati yuzaga kelmaydi.