Luisvillya universiteti olimlari elektron sigaretaning yurak-qon tomir salomatligiga ta’sirini ma’lum qilishdi. Tadqiqot natijalari Nature Communications jurnalida e’lon qilindi.

Mutaxassislar o‘z ishlari davomida ikkita eng mashhur variant — nikotinsiz propilenglikol va o‘simlik gliserini yoki nikotinli xushbo‘y suyuqlikdan iborat bo‘lgan veyping suyuqliklarini o‘rganishdi.

Tadqiqotchilar hayvonlar barcha aerozol turlarini yutib, keyin nafas chiqarganida ularda yurak chastotasi avvaliga sekinlashganini, undan so‘ng yurak urishi tezlashganini aniqladilar.

Natijada, olimlar elektron sigaretaning qisqa muddatli ta’siri ham yurak ritmini beqarorlashtirishi mumkin, degan xulosaga kelishdi.

Keyinchalik, bu atriyal yoki qorincha fibrillasiyasi va to‘satdan yurak ushlab qolishi xavfini oshirishi mumkin.

2022 yil sentyabr oyida Massachusets umumiy kasalxonasi shifokorlari elektron sigaretdan foydalanishning uzoq muddatli ta’sirini o‘rganib chiqishdi. Izlanish natijalariga ko‘ra, bu kichik havo yo‘llarining to‘silishi, nafas qisilishi va ko‘krak og‘rig‘iga olib keladi.