Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) bu borada respublikamizda ilg‘or tajriba namunasini ko‘rsatmoqda. “Elektron universitet” konsepsiyasi universitetda ta’limning raqamli transformatsiyasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi va axborot xavfsizligini uyg‘un holda joriy etishni nazarda tutadi.
TDYUda so‘nggi yillarda joriy etilgan elektron dekanat, elektron kundalik, talabalar shaxsiy kabineti, dars jadvallari va natijalarini onlayn ko‘rish tizimi, shartnomalar bilan ishlashning raqamlashtirilgan moduli, masofaviy ta’lim platformalari orqali o‘quv jarayonlari to‘liq elektron muhitga o‘tkazilmoqda.
Raqamlashtirish faqat qulaylik emas, balki ishonchli xavfsizlikni ham talab etadi. Shu sababli, TDYUda axborot xavfsizligi siyosati, foydalanuvchilar identifikatsiyasi, ma’lumotlarni zaxiralash, kiberxavfsizlik bo‘yicha xodimlar malakasini oshirish kabi chora-tadbirlar tizimli tarzda yo‘lga qo‘yilgan.
“Elektron universitet” modeli universitet hayotini faqat texnik emas, balki tashkiliy va boshqaruv madaniyatini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Endilikda talabalar, o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar o‘rtasidagi aloqalar sun’iy to‘siqlarsiz, tezkor va shaffof yo‘l bilan amalga oshmoqda.
Bu yutuqlar ortida universitet rahbariyati, IT mutaxassislari, o‘quv-uslubiy xizmat va boshqa strukturaviy bo‘limlarning yagona maqsad – sifatli va xavfsiz yuridik ta’lim muhitini shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari mujassam.
Kelgusida TDYU blokcheyn texnologiyalari, AI yordamida ta’lim tahlillari, intellektual testlash tizimlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu esa universitetning nafaqat milliy, balki xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlashi shubhasiz.
Kamol Almuradov,
TDYU Elektron universitet bo‘limi boshlig’i