Bugungi globallashuv sharoitida elektrotexnika tarmogʻi faqat texnik taraq­qiyotning emas, balki milliy iqtisodiyot va ijtimoiy farovonlikning muhim tayanch ustuniga aylanmoqda. Kundalik hayotimizda koʻp ishimiz tushadigan kompyuter tizimlari, internet infratuzilmasi, sunʼiy intellekt, “aqlli” shaharlar, transport va zamonaviy signalizatsiya tizimlari — bularning barchasi elektrotexnika ­yutuqlariga tayangan holda yaratilmoqda. Bu esa nafaqat qulaylik, balki iqtisodiy va ijtimoiy faollikka zamin yaratmoqda. Shu jihatdan olganda, sanoatni modernizatsiya qilish va raqamli iqtisodiyotni joriy etishga intilayotgan Oʻzbekiston uchun elektrotexnika tarmogʻining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish yoʻlida muhim qadamlar tashlanmoqda. Tarmoqning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Jumladan, joriy yil 22-yanvarda davlatimiz rahbarining “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-­tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, investitsiyalar va xorijiy brendlarni jalb etish, tajriba-kons­truktorlik ishlarini rivojlantirish choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida BMTning elektron hukumat reytingida dunyodagi eng ilgʻor 30 mamlakat qatoriga kirish maqsadi belgilangani bejiz emas.

Kooperatsiya va investitsiya yangi bosqichda

Yurtimizda mahalliy ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, kooperatsiyani rivojlantirish va investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarish borasida izchil va aniq strategiya amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar sanoatda tub oʻzgarishlar qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy barqarorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunda elektrotexnika sohasida importga qaramlikni kamaytirish va oʻzimizda ishlab chiqarishga katta urgʻu berilayotgani qoʻl kelyapti. Buni birgina kabel misolida koʻrish mumkin. Joriy yildan barcha xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarda kabel-oʻtkazgich mahsulotlarining kamida 70 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tizimi yaratildi.

Hozir “Masdar”, “ACWA Power” va “China Gezhouba Group” kabi yirik xorijiy kompaniyalar ishtirokidagi loyihalarga 1,1 trillion soʻmlik kabel mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, balki yangi ish oʻrinlarini yaratish va tashqi iqtisodiy taʼsirlarni kamaytirishda muhim qadam boʻlmoqda.

2025-yilda 6538 dona nasos va 906 dona elektr dvigatel mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib beriladi. Bu talab yirik tarmoqlar — togʻ-kon sanoati, energetika, kimyo va suv xoʻjaligi sohalaridagi loyihalarga nisbatan belgilab berilgan.

Shu asosda joriy yilda 1,5 trillion soʻmlik elektrotexnika mahsulotlari tarmoqlararo kooperatsiya orqali bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu mahalliy korxonalar salohiyatini kengaytirish va tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilda 3,3 trillion soʻmlik 12 turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi koʻzda ­tutilgan. 2024-yilda umumiy qiymati 516 million dollar boʻlgan 85 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Ularda 1,7 trillion soʻmlik mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu loyihalar nafaqat mahalliy ehtiyojlarni qoplash, balki eksport salohiyatini kengaytirishga ham yoʻl ochyapti.

Yangi bozorlar sari

Jahon iqtisodiyotidagi katta oʻzgarishlar va global raqobat ortgan sayin mamlakatlar yangi bozorlarga chiqishda kreativ yondashuvlarni ishlab chiqishga majbur boʻlmoqda. Yurtimizda ham bu jarayon oʻz samarasini berayotgani va elektrotexnika sanoatiga eʼtibor katta natijalarga olib kelganini koʻrish mumkin.

Soʻnggi yetti yil davomida elektrotexnika mahsulotlarining eksporti 7 barobar oshdi, geografiyasi esa 63 ta mamlakatgacha kengaydi. 2024-yilda asosiy eksport bozorlari boʻlgan Rossiya, Qozogʻiston va Tojikistonga eksport hajmi 2023-yildagidan 30 million dollar kamaygan boʻlsa-da, bu yoʻqotishlar yangi, yuqori isteʼmolga ega bozorlarda qoplandi. Jumladan, Polsha, Italiya, Isroil, Hindiston va Ozarbayjon kabi davlatlarda mahsulotlar eksporti 60 million dollardan oshdi.

Shuningdek, isteʼmol darajasi yuqori boʻlgan Qatar, Marokash va Kanadaga ham eksport kengaydi. Bu bozorlarning oʻziga xos xususiyati hamda yuqori talab savdoning oʻsib borishiga zamin yaratmoqda.

Eksport logistikasidagi yangiliklar ham oʻziga xos. Moslashuvchan eksport logistikasi ishlab chiqilib, ilgari kirish imkoni boʻlmagan Hindiston kabi yirik bozorga BAAning Dubay shahrida savdo omborxonalarini tashkil etgan holda 2,5 million dollarlik eksport amalga oshirildi.

Tarmoq salohiyatini yuksaltirishda import xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va qoʻshilgan qiymat yaratish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, import qilingan alyuminiydan tayyorlangan mahsulotlar AQSH, Kanada va Malayziya kabi rivojlangan bozorlarga eksport qilinmoqda. Ushbu mahsulotlar umumiy eksport hajmida 50 million dollarlik ulushni tashkil etmoqda.

Byurokratik toʻsiqlardan xoli savdo tizimi

Yangi bozorlarga chiqish, oʻzaro savdo hajmi oshishi nafaqat iqtisodiyot rivoji, balki sanoatning global raqobatdagi mavqeini mustahkamlamoqda. Bu natijalar, albatta, tarmoqdagi yuqori texnologiyalar, yangiliklar va innovatsiyalar qoʻllanishi ortidan kelyapti. Eng muhimi, mahsulotlarimiz global bozorlarda tan olinib, raqobatbardoshlikni oshiradi, bu esa nafaqat ish oʻrinlari yaratish, balki iqtisodiy oʻsish va aholi farovonligi oshishini taʼminlaydi.

Quvvat, salohiyat, imkoniyat — bular temirda emas, balki inson tafakkurida. Shu maʼnoda, yurtimiz ishbilarmonlarining har bir imkoniyatni samarali ishlatishga, yangi hududlarni ochish orqali milliy iqtisodiyot rivojiga yoʻl ochishga harakat qilayotgani diqqatga sazovor. Natijada yangi savdo yoʻllari va bozorlar sari odimlayotgan Oʻzbekiston global raqobat maydonida oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda.

Jahon bozori va savdo muhitidagi ulkan oʻzgarishlar, anʼanaviy savdo usullari orqali koʻpincha koʻplab byurokratik toʻsiqlarga duch kelish tabiiy holat. Shu bois, savdo sohasida raqobatlashish va tezkor natijalarga erishish uchun yangi usullar, jumladan, onlayn marketpleyslar orqali eksport qilish keng tarqalmoqda. Buning natijasida toʻsiqlar qisqarayotgani va yangi imkoniyatlar paydo boʻlayotgani koʻzga tashlanmoqda.

Hozirgi kunda onlayn marketpleyslar orqali savdo qilish natijasida milliy mahsulotlarimiz jahon bozorlariga yanada oson va samarali yetkazilmoqda. 2024-yilda elektrotexnika sohasida marketpleyslar orqali 10 ta korxona tomonidan 15 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Bu raqamlar 2025-yilda toʻrt barobar koʻpayishi, yaʼni

30 ta korxona 65 million dollarlik eksportga yetishi kutilmoqda. Marketpleyslar vositasidagi eksport hissasi yildan yilga oʻsib bormoqda, bu esa mamlakatimiz uchun muhim iqtisodiy bosqichni belgilamoqda.

Masalan, 2025-yilda tarmoqning 30 ta korxonasi Rossiyaning “Vayldberriz”, “Ozon”, “Xolodilnik.ru”, “M-Video”, “Eldorado” va Qozogʻistonning “Kaspi”, “Texnograd”, “Xalik market”, “Teez” kabi savdo platformalari orqali qoʻshimcha 50 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirgan. Bu platformalar nafaqat mahsulotlarni oson yetkazib berish, balki savdo jarayonini qator byurokratik toʻsiqlardan xalos qilishga ham yordam bermoqda.

Marketpleyslar bilan savdo tizimini kuchaytirish hamda iqtisodiy integratsiya va savdoning raqobatbardoshligini oshirish orqali mamlakatimiz sanoatiga yangi yoʻnalishlar ochilmoqda. Shu tariqa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ichki va global bozorlarda raqobatlashish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Eksport logistikasidagi oʻzgarishlar hamda onlayn platformalar orqali savdo qilishning samaradorligi iqtisodiy rivojlanishga katta hissa qoʻshmoqda. Bu esa yangi savdo imkoniyatlari paydo boʻlayotganini anglatadi.

Marketpleyslar orqali savdo qilish savdo, iqtisodiy faoliyat va eksport hajmi oʻsishiga sabab boʻlgan yangi qadamdir. Bu tizim byurokratik toʻsiqlarni yengib, raqobatga qodir, rivojlangan iqtisodiy muhit yaratishga yordam beradi. Shuningdek, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, elektrotexnika sohasi rivoji mamlakatimiz iqtisodiyoti oʻsishi, xalq farovonligi va raqamli jamiyat qurish sari ishonchli qadamlardan biriga aylanmoqda. Yurtimizda ushbu yoʻnalishga qaratilayotgan eʼtibor ertangi texnologik taraqqiyot poydevorini mus­tahkamlamoqda.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri