Qarorga koʻra, Elektrotexnika sanoatini 2025–2027-yillarda rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

2025-yil 1-fevraldan quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

  • bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi;
  • korxonalarning rivojlanish va tadqiqot markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari va anjomlari 2028-yil 1-fevralgacha bojxona bojidan ozod etiladi;
  • ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning va davlat organlarining maʼmuriy bino-inshootlarini, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini qurish boʻyicha xarid qilish hujjatlariga quyidagi talablar kiritiladi:
  • pudratchilar zarur tovarlarni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi va Elektron kooperatsiya portalidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;
  • zarur tovarlar portallarda mavjud boʻlmasa, tasdiqlovchi maʼlumotnomalar asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi;

Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida elektron doʻkon tartib-taomillari asosida, shartnoma qiymati bilan bogʻliq cheklovlarsiz oʻtkaziladi, bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar toʻgʻrisidagi sertifikat maʼlumotlari asosida shakllantiriladi.