Mazkur anjumanlarda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 15 dan ortiq korxonalar 150 turdagi mahsulotlar namunalari bilan ishtirok etyapti. Mahalliy korxonalar joriy yilgi koʻrgazmaga alohida tayyorgarlik koʻrdi. Xalqaro maydonda oʻz brendlarini tanitish uchun yangi modeldagi poyabzallar, qorakoʻl mahsulotlari, charm‑attorlik buyumlarining kuzgi mavsum uchun moʻljallangan kolleksiyalari taqdim etilyapti. Shuningdek, jamoaviy stenddan bu yil charm-poyabzal sanoatida yangi avlod xom ashyosi sanalgan TEP granulalari, poyabzal tagliklari, kimyoviy moddalar ham oʻrin oldi.

Koʻrgazmaning dastlabki kunidanoq Oʻzbekiston korxonalari Qozogʻiston, Turkiya kompaniyalari bilan samarali muloqotga kirishdi. Xom ashyo yetkazib berishdan tayyor mahsulotlarni xorijga eksport qilishgacha boʻlgan masalalar yuzasidan hamkorlar bilan manfaatli kelishuvlarga erishdi.

Xususan, “Ulkan-Laziz” MCHJ Turkiyaning yirik kompaniyasi bilan maxsus poyabzallarni sanoat korxonalariga yetkazib berish boʻyicha 1,5 million dollarlik eksport kelishuviga erishdi. Endilikda korxona tomonidan ishlab chiqarilgan maxsus poyabzallar Qozogʻiston va Turkiya sanoat tarmogʻi uchun yetkazib beriladi.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va xalqaro moʻyna federatsiyasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan muloqotda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qorakoʻl mahsulotlarini xalqaro auksionlarda sotish, jahon bozorida Oʻzbek qorakoʻli brendini yanada keng targʻib etish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Rossiya moʻyna kengashi bilan kuzda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-EurAsia-2023” xalqaro koʻrgazma maydonidan 100 kvadrat/metr joy xarid qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“Black Gator” korxonasi hamda Turkiyaning “Jero Textile” kompaniyasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan muloqotda mamlakatimiz korxonasi Turkiya kompaniyasi uchun charm-attorlik buyumlarini “Autsorsing” asosida ishlab chiqarish boʻyicha dastlabki hamkorlik kelishuviga erishdi.

Mazkur ikki koʻrgazmada Oʻzbekiston korxonalari koʻplab manfaatli va samarali muloqotlarga kirishib, oʻz biznes paketlarini yangi shartnoma va kelishuvlar bilan boyityapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi

matbuot xizmati.