Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Ellikqalʼa tumani hokimligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Ellikqalʼa tumanida “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida “Sahro sadosi“ II Xalqaro yoshlar festivalini oʻtkazdi.
Mazkur festival mamlakatimiz shu jumladan, Qoraqalpogʻistonning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Festivalda Xorvatiya, Hindiston, Xitoy va qoʻshni mamlakatlardan turizm boʻyicha mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar hamda 1000 ga yaqin talaba yoshlar ishtirok etdi.
Festival doirasida xorijlik va mahalliy turizm mutaxassislari tomonidan Qoraqalpogʻiston turizmini rivojlantirishga qaratilgan treninglar tashkil etildi.
Tuproqqalʼa tarixiy majmuasida talaba-yoshlar ishtirokida “Yangi Oʻzbekistonning baxtli yoshlarimiz!” mavzusida rasm chizish koʻrik-tanlovi, Aqchakoʻl sohilida “Baliqdan 99 xil taom” milliy taomlar tanlovi oʻtkazildi. Shuningdek, sport musobaqalari, milliy sport oʻyinlari tadbirlari Aqchakoʻldagi Amfiteatrda festival konsert dasturlariga ulanib ketdi. Festivalning ikkinchi kunida Ayozqalʼada kurash, shaxmat, shashka, arqon tortish kabi sport oʻyinlari keng qamrovda boʻlib oʻtdi.